Qoraqalpogʻistonda yangi gaz-kondensat koni ochildi

Moʻynoq tumanida yangi Qoratau gaz-kondensat koni ochildi, deb xabar berdi «Oʻzbekneftgaz».

Ustyurt hududining markaziy qismida joylashgan Qoratau maydonida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida quyi yura qatlamlarida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz hajmi aniqlangan. Maydondagi 1-sonli izlov qudugʻi 4860 metr chuqurlikkacha burgʻilangan. Sinov ishlari davomida quyi yura qatlamlarining 3273-3213 metr chuqurlik oraligʻidan sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz va kondensat oqimi olingan.

Rejaga koʻra, 2026-yil oxiriga qadar Qoratau maydonida 2-son izlov qudugʻini burgʻilashni yakunlash, shuningdek, 3- va 4-son izlov-qidiruv quduqlarida burgʻilash ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

Qarshida soliqchilar aholining 122 mln soʻmini oʻzlashtirganlikda gumon qilinmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda soliq toʻlovchilarning mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Departament maʼlumotiga koʻra, Qarshi shahar soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalar 97 nafar fuqarodan goʻyoki soliq qarzdorligini soʻndirish maqsadida jami 122,6 mln soʻm olgan.

Biroq mablagʻlar soliq toʻlovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmasdan, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj etilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozir tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Gʻor turizmi rivojlantiriladi: 10 ta manzil tanlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan speleoturizmni - gʻorlarga sayohat qilishga asoslangan turizm yoʻnalishini rivojlantirish choralari belgilandi.

Qarorga koʻra, tanlangan obyektlarda zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish va sayyohlar oqimini oshirish ishlari 2026–2028-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.