11:27 / 05.08.2019
147104

Po‘lat Bobojonov «Jasliq»dagi mahkumlar sonini ochiqladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga Jasliq koloniyasi tugatilishi haqida intervyu berdi. Ma'lumki, shu yil 2 avgust kuni davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston IIVga qarashli 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining (Jasliq koloniyasi) tugatilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandi.

“Prezidentimiz tomonidan imzolangan ushbu qaror mamlakatimiz siyosiy hayotida va dunyo jamoatchiligi oldida juda katta ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Ushbu koloniya Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani, Jasliq qo‘rg‘oni hududida joylashgan, xalq tilida “Jasliq” koloniyasi deb aytiladi. Koloniya 1999 yilda tashkil topib, bu yerda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslar saqlanib kelmoqda. Ushbu koloniya nafaqat bizning fuqarolar orasida, qolaversa, xalqaro tashkilotlar orasida ham salbiy nom qozongan. 

Bu koloniyani prezidentimiz qarori bilan tugatish nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Birinchidan, joylashishi Nukus shahridan 300 km., Qo‘ng‘irot tuman markazidan esa 180 km. uzoqlikda. Ikkinchidan, iqlimini olsak, qishda qahraton sovuq, yozda jazirama issiq. Jazoni o‘tayotgan shaxslar, bularning qarindoshlari, yaqinlari kelib-ketishiga ham o‘ta noqulay. Siz bir tasavvur qiling, Farg‘ona viloyatidan, Andijon yoki Surxondaryo viloyatidan ota-ona yoki farzandlari bilan o‘sha yerda jazo o‘tayotgan mahkumni ko‘rish uchun kelish juda ko‘p masofa bosib, Jasliq qo‘rg‘oniga borilardi. Bu ham ovoragarchilik, vaqt ketishi, juda ko‘p sarf-xarajatlarga sabab bo‘lar edi.

Men birinchi marta raqamlarni aytmoqchiman. Turli mish-mishlarda koloniyada 5 000, 10 000gacha mahkum saqlanishi, 5 000 nafargacha diniy ekstremistik jinoyatlarni sodir qilgani uchun saqlanishi to‘g‘risida xabarlar juda ko‘p uchragan.

Mazkur muassasaning bugungi kundagi limiti 1100 o‘rin. Hozirgi kunda 395 nafar mahkum saqlanyapti va shularning atigi 10 foizi diniy ekstremistik jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslardir. Shuning uchun bu yerda har qanday mish-mishlar yoki boshqa narsalar bo‘yicha gap bo‘lishi mumkin emas”, - dedi Po‘lat Bobojonov. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

bir hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq tugatish komissiyasini tashkil etadi va 19-son JIEKni tugatish bo‘yicha belgilangan tartibda kompleks tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshiradi;

bir oy muddatda 19-son JIEK mahkumlarini sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga yuborilishini tashkil etadi;

mahkumlarni yangi ozodlikdan mahrum etish joylariga ko‘chirish vaqtida 19-son JIEK shaxsiy tarkibi o‘rtasida yuqori jangovar shaylikni va xizmat intizomiga rioya etilishini ta'minlaydi.

 

Mavzuga oid
Top