Florida shtatidagi Mayami aeroportida Boeing 767-300 rusumli yuk samolyoti qoʻnish chogʻida uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketdi. Samolyot avtomobil turargohiga kirib ketgan va yona boshlagan.

«Biz kamida besh kishi halok boʻlganini tasdiqlaymiz», – dedi Mayami-Deyd okrugi meri Daniell Levin Kava matbuot anjumanida. Uning soʻzlariga koʻra, besh kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. Shundan uch nafari ogʻir ahvolda qolmoqda.

Mayami politsiyasi vakili bir necha kishi oʻz avtomobillarida qamalib qolgani, ularni qutqaruvchilar olib chiqishiga toʻgʻri kelganini aytgan.

Reys 21 Air aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan – bu Amazon’ga tegishli yuk samolyotlari operatoridir. Samolyot Puerto-Rikodan uchib kelgandi.

CNN telekanaliga koʻra, uchuvchilar qoʻnishdan oldin yerdagi xizmatlarni bortdagi qandaydir nosozlik haqida ogohlantirmagan.

Telekanal eʼtibor qaratishicha, ushbu aeroportda EMAS (Engineered Material Arresting System) yoʻq – bu uchish-qoʻnish yoʻlagining oxirida samolyotni nisbatan xavfsiz tormozlash imkonini beruvchi maxsus qoplama.

Aviakompaniya dastlab Amazon Prime Air deb nomlangan, ammo keyinchalik nomini Amazon Air deb oʻzgartirgan. U asosan yuklarni tashish uchun boshqa operatorlarning flotidan foydalanadi.

Ochiq manbalarga koʻra, N1997A registratsiya nomeriga ega Boeing 767-33AER samolyoti 1994-yilda ishlab chiqarilgan.

Avvaliga u Belgiyadagi Sobelair aviatashuvchisiga yetkazib berilgan, 2016-yilda esa yuk samolyoti sifatida qayta jihozlangan.

Layner Mayami aeroportining 30-polosasiga qoʻnishi kerak boʻlgan, uning uzunligi – 2 853 metrni tashkil etadi. Aeroportda jami toʻrtta uchish-qoʻnish yoʻlagi mavjud.

Flightradar24 servisiga koʻra, yoʻlakdan tashqariga chiqib ketayotganida samolyot 112 uzel tezlikda (soatiga 207 km) harakatlangan.

Hodisadan keyin aeroport yopib qoʻyilgan, natijada koʻplab reyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan. Keyinroq aeroport faoliyati tiklandi, ammo yoʻlovchilar kechikishlar boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.