14:07 / 01.05.2020
56023
Karantindagi dunyo manzaralari: Yovvoyi hayvonlar shaharlarga tobora yaqinlashmoqda

Dunyo miqyosida pandemiya tarqalishi va odamlar harakatining cheklanishi yovvoyi hayvonot dunyosining shaharlarda ham erkin hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratdi.

Urbanizatsiyalashgan markazlarda hayvonlar bo‘shab qolgan ko‘chalar va suv yo‘llarida paydo bo‘lmoqda, deb yozadi BBC.

Qo‘riqxonalar va istirohat bog‘lari ma'murlarning so‘zlariga ko‘ra, bunda sayyohlar sonining kamayishi alohida o‘ringa ega.

Istanbuldagi delfinlar

Foto: AFP

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan bo‘g‘oz, odatda, dunyodagi eng gavjum dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi. Katta tanker va yuk kemalari, shuningdek, yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan qayiqlar har kuni 24 soat davomida bu yo‘l orqali kesib o‘tib turadi.

Hozirga kelib, bu yerda transport harakatining sustlashishi va baliq ovchilarining kamayishi oqibatida delfinlar ko‘rinish berib, suv uzra sakrashyapti.

Foto: AFP

Istanbulda delfinlarning qora-qora nuqtalarini shaharning ancha uzoq qismidan turib ko‘rish tabiiy holatga aylanib ulgurgan. Biroq hozir dengiz yaqinida yashaydigan odamlar tarmoqlarga qo‘yayotgan videolar orqali ushbu jonivorlar qirg‘oqqa qanchalik yaqin joyda suzib yurganini kuzatish mumkin.

«Delfinlar qirg‘oqlarga yaqinlashyapti, chunki u yerda nazoratsiz ov qiluvchi kimsalar hozir yo‘q», deydi delfinlarni suratga olgan kema sotuvchilaridan biri.

Hayfadagi cho‘chqalar

Foto: EPA 

Isroilning Haaretz gazetasi «Yovvoyi cho‘chqalar Hayfa mahmonxonasini egallab oldi», deya yozib chiqdi.

«Pandemiya boshlanishidan oldin Hayfa shahri atrofida yovvoyi cho‘chqalarning pichanlarni yeb yurganini ko‘rishgan, biroq hozirga kelib, odamlarning yo‘qligi ularni yanada ichkariroqqa kirib kelishga undadi» – deydi aholi vakillari.

Foto: EPA 

Masala ancha jiddiy. Mahalliy amaldorlar Zoom orqali yig‘ilish o‘tkazgan.

«Koronavirusdan so‘ng har kun, har kecha, har soatda to‘ng‘izlar bu yerga kelib-ketishga odatlanib qolishidan qo‘rqaman», deydi hayvonlarni qaytarish uchun kurash olib borayotgan xodimlardan biri Yaron Xanan Reuters agentligiga bergan intervyusida.

Albaniyadagi pushti flamingo va soqoqushlar

Foto: AFP

Albaniyada pushti flamingolar mamlakat g‘arbiy sohil bo‘yidagi qo‘ltiqlarida ancha ko‘payib qoldi. U yerdagi park rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, ularning soni uch barobarga oshib, hozirda 3000ga yetgan.

Yaqin atroflarda joylashgan zaytun moyi va terini qayta ishlash zavodlari yopildi. Buning natijasida 500 m. atrofidagi qatnov qismlari qushlar uchun tinchlik maskaniga aylandi.

Foto: AFP

Shuningdek, Divjaka milliy bog‘ida 85 juft soqoqushlar o‘zlariga in qurib ulgurishgan. Odatda har oyda 50 ming sayyohni jalb qiladigan ushbu joy hozirda saqoqushlar uchun vaqtinchalik uy vazifasini o‘tamoqda.

Tailanddagi noyob dengiz sigirlari

Foto: AFP/ THAILAND'S NATIONAL MARINE PARK

Tailandda ham sayyohlik to‘xtab qolgan. Hat Chao May milliy bog‘ida 30ta dugong podasining suzib ketayotgani aks etgan tasvir suratga olindi.

Dengiz sigiri sifatida ham tanilgan ushbu hayvonlar noyob va zaif turga mansub bo‘lib, ko‘pincha baliq to‘rlariga tushib qolishi yoki suvning ifloslanishi oqibatida ko‘p aziyat chekadi.

Milliy bog‘ ma'muriyati feysbukka baliq va boshqa turlarga mansub katta to‘dalar haqida rasm va videolarni joylashtirib, pandemiya boshlangandan beri yovvoyi tabiat qayta jonlanganini ta'kidlamoqda.

Chilidagi pumalar

Foto: Reuters

Chilining Santyago shahri ko‘chalarida sayr qilib yurgan, asosan, Shimoliy va Janubiy Amerika tog‘larida uchraydigan puma (Amerika yovvoyi mushuklari)ning bir nechtasi tutib olinib, qo‘riqxonalarga topshirilgan.

Yana xuddi shunga o‘xshash yovvoyi mushuklardan biri shu atrofdagi kvartira ichidan topilgan.

Foto: Reuters

«Ular shovqinni kamroq sezadi. Oziq-ovqat topish maqsasida ular yangi joylarni izlab kelmoqdalar. Ba'zilari yo‘qolib, shaharlarda paydo bo‘lib qolishmoqda», deydi Chili chorvachilik va qishloq xo‘jaligi xizmati direktori Horasio Burkes.

Koronavirus hamma jonzotlarning ham foydasiga ishlayotgani yo‘q

Foto: Getty Images

Germaniyada hayvonlar huquqlarini himoya qilish guruhining ma'lum qilishicha, Yevropa kaptarlari ochlikka duch kelmoqda va ular bundan xavotirda. Buning sababi shundaki, odatda ularni oziqlantiradigan yoki ko‘chaga ovqatlarini tashlab ketadigan odamlar hozir uylaridan chiqishmayapti.

Polshaning Krakov shahrida hayvonlarga g‘amxo‘rlik qiluvchi tashkilotlardan birining a'zolari vaqti-vaqti bilan atayin kaptarlarga ozuqa berish uchun ular ko‘p yig‘iladigan joylarga borib turishibdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top