O‘zbekistonda mart oyi o‘rtalarida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holat tasdiqlangach, qat'iy karantin choralari joriy etila boshlangan, aprel oyiga kelib O‘zbekiston to‘liq karantinga o‘tgandi. Avvaliga bu choralar 20 aprelgacha etib belgilangandi. Keyin maxsus komissiya karantinni 10 mayga qadar uzaytirdi.

Bu vaqt oralig‘ida epidemiologik vaziyat yaxshilana boshladi, 21 apreldan boshlab kunlik kasallanishlar soni tuzalganlar sonidan kam bo‘ldi. Natijada, may oyi boshida karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaror qilindi. 11 maydan O‘zbekistonda yangicha tizim joriy etildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin choralari yumshatiladigan hududlarni belgilash aniq mezonlar asosida baholanib, tumanlar va shaharlar «qizil» (yuqori xavfli), «sariq» (o‘rta xavfli) va «yashil» (xavfsiz) hududlarga ajratildi.

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat iyun oyi davomida barqaror saqlanib turdi. Ammo 24 iyun kunidan kunlik kasallanish holatlari soni kundan kunga o‘sib bordi, oy oxirida kuniga ikkitadan o‘lim qayd etila boshladi, iyul oyi boshida esa vaziyat keskin yomonlashdi, kunlik kasallanishlar soni 400dan oshib, 500ga yaqinlashdi, kunlik o‘lim holatlari soni 5-6tadan bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda aniqlangan holatlarning 52 foizi xorijdan kelgan fuqarolarda, 48 foizi esa aholi orasida aniqlangan. Vazirning ma'lum qilishicha, koronavirus bemorlari orasida o‘limlar soni oshishiga 50 foiz holatlarda shifokorlarga kech murojaat qilish sabab bo‘lmoqda. Vazirlik vakilining ma'lumotiga ko‘ra, bemorlarning 70-80 foizida kasallik tashqi simtomlarsiz kechmoqda.

Mutasaddilar va mutaxassislar statistika shu tarzda o‘sib borsa, O‘zbekistondagi shifoxonalarga bemorlar sig‘may ketishi, koronavirusdan boshqa kasalliklarga chalinganlarga yordam ko‘rsatib bo‘lmay qolishi mumkinligidan ogohlantirishdi. O‘zbekiston ikkinchi to‘lqinga tayyorlana boshladi. 8 iyul kuni respublika maxsus komissiyasi karantinga qaytish to‘g‘risidagi qarorlarini e'lon qildi.

Qarorga binoan, respublika miqyosida:

  • avtotransport vositalarining harakatini cheklanadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.
  • davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlash, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi.