Memorandumga muvofiq, TDIU va LSE akademik rahbarligi asosida London universiteti (University of London) bilan xalqaro qo‘shma ta'lim dasturini ochish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, quyidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida bakalavr darajasini beruvchi qo‘shma ta'lim dasturini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda:

  • Buxgalteriya hisobi va moliya (Accounting and finance);
  • Iqtisodiyot (Economics);
  • Bank ishi va moliya (Banking and finance);
  • Menejment va raqamli innovatsiya (Management and Digital Innovation)

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xorijiy maslahatchisi va eksperti – London School of Economics (LSE) o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritayotgan, ACA, ACCA Hamid Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, nufuzli London iqtisodiyot universitetining ilmiy salohiyati TDIUda ta'lim sifatini oshirish imkonini beradi.

«London iqtisodiyot universiteti QS reytingida ijtimoiy fanlar va menejment bo‘yicha dunyoda 2-o‘rin va buxgalteriya va moliya yo‘nalishida dunyoda 4-o‘rinni egallab turibdi.

Mazkur kelishuvga ko‘ra, kelajakda London universiteti (University of London) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligidagi ikki tomonlama diplom beruvchi xalqaro qo‘shma ta'lim dasturi asosida bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham rejalashtirilgan.

Butun o‘qitish jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, har bir fan, o‘quv materiali va imtihon London iqtisodiyot universiteti (London School of Economics) tomonidan tayyorlanadi va ta'lim sifati ular tomonidan tashqi imtihon orqali nazorat qilinadi», – dedi Hamid Irgashev.

Qayd etilishicha, London iqtisodiyot universitetining boshqa universitetlar bilan qo‘shma dasturlari mavjud emas. Shu sababli LSE o‘zining tashqi dasturlarini London universiteti federatsiyasi a'zosi sifatida amalga oshiradi.