Jahon | 12:40 / 31.03.2021
13332
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qurilish sohasida ishchi yetishmasligi migrantlar qaytgandan keyin ham saqlanib qolishi ma'lum qilindi

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin Rossiya chegaralarini ochsa va ilgari mamlakatda ishlagan xorijliklar qaytgan taqdirda ham, qurilishlarda baribir mehnat migrantlari yetishmasligini aytib o‘tdi.

Rossiya qurilish inshootlarida ishchi kuchining yetishmasligi, pandemiya sababli mamlakatdan chiqib ketgan migrantlarning qaytishidan keyin ham saqlanib qoladi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin ma'lum qildi.

«Bizda qurilish-montaj ishlari hajmining o‘sishi mehnat resurslariga qaraganda ancha yuqoridir. Biz ildam o‘smoqdamiz, ish hajmlarini ko‘paytiryapmiz. Chegaralar ochilishi natijasida mehnat migrantlari qaytsa ham, bu sohada bizda ishchilar yetishmaydi», — dedi u.

Bu boradagi yana bir omil rossiyaliklarning qurilish sohasidagi ishlarda taklif qilinayotgan oylikka ishlashni istamasligidir.

Avvalroq u Rossiyadagi qurilish maydonlarida muhojirlarning yetishmasligi soha uchun muammo bo‘lsa-da, mehnat unumdorligini oshirishga imkon berganini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida 1,5 million mehnat muhojiri mamlakatni tark etgan.

Avvalroq Rossiya 1 apreldan Tojikiston va O‘zbekiston bilan parvozlarni qayta tiklashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid