12:39 / 13.04.2021
17296
1 iyundan boshlab pensiya ta'minoti sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi ma'lum qilindi

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati 2021 yilning 1 iyun kunidan pensiya ta'minoti sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.

Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida joriy yil 1 iyundan boshlab;

  • pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma'lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr - 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisobga olinadi;
  • uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta'minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma'lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga kelish hamda mas'ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.
Top