O‘zbekiston | 10:51 / 26.04.2021
13802
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Qizil kitobga kiritilgan tsistanxe o‘simligini xitoyliklar noqonuniy terib olib ketayotgani aytilmoqda

Ijtimoy tarmoqda To‘rtko‘lda Qizil kitobga kiritilgan sho‘ravor tsistanxe o‘simligi xitoyliklar tomonidan noqonuniy terilayotgani haqida xabarlar tarqaldi

Xabarda yozilishicha, tsistanxe o‘simligini To‘rtkul tumani «Anhorli» MFYdagi «Bog‘yap kanali» qurilishi uchun kelgan xitoyliklar noqonuniy ravishda  ishchilarga terdirtirishmoqda. 

«Ishonchimiz komilki, Qoraqalpog‘iston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi  mazkur huquqbuzarlikning oldini olib, shifobaxsh o‘simliklarni asrab qolishadi va ularning noqonuniy ravishda chet elga olib chiqilishiga yo‘l qo‘yishmaydi», — deyiladi xabarda.

Qoraqalpoq davlat universitetining ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti Nizamatdin Mamutovning so‘zlariga ko‘ra, 2 ming yildan buyon Xitoy tibbiyotida foydalanib kelinayotgan bu o‘simlik ko‘p kasalliklarga davo va umrni uzaytirish xususiyatiga ega. Tsistanxe bo‘g‘inlardagi og‘riqlar, buyrak kasalliklarini davolash, shuningdek, xotira va immunitetni mustahkamlash, asabni tinchlantirishda, ayniqsa, miya o‘simtasining oldini olishda tengi yo‘q darmon hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, tsistanxe o‘simligi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. U Amudaryo deltasi, Qizilqum va Ustyurt kengliklarida tarqalgan hamda «cho‘l jensheni», «sahrodagi hayot ildizi», «oltin tomir» deb nomlanadi.

Mavzuga oid