Bog‘cha ochadigan tadbirkorlarni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlaymiz – Mirziyoyev
Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta'lim qamrovi 41,5 foizni, jumladan Bandixon tumanida 20 foiz, Denovda 27 foiz, Qumqo‘rg‘onda 32 foizni tashkil etadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“2021-2022 yillarda 22 ta davlat, 37 ta davlat-xususiy sheriklik, 1 mingdan ortiq oilaviy bog‘chalarni barpo etish, bir yillik majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil qilish orqali qamrov 60 foizga yetkazilsin.
Bog‘cha ochadigan tadbirkorlarni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlaymiz. Oilaviy bog‘chalardagi bolalar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirish va 4 nafargacha xodim yollashga ruxsat berildi. Bunday bog‘chalarga mebel va jihozlar sotib olish uchun 30 million so‘mgacha, 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 foizli kreditlar ajratiladi.
Viloyat uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarga qatnaydigan har bir bola uchun budjetdan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 50 foizdan 75 foizga oshiriladi. Ularning elektr va tabiiy gaz bo‘yicha xarajatlarining 50 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi. Ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 238 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Bir vaqtlar nima qilindi – bog‘chalar xususiylashtirildi. Bunga qanday yo‘l qo‘yish mumkin? Axir bog‘chaga farzandlarimiz boradi-ku. Natija nima bo‘ldi, bog‘chalarda bitta g‘isht qolmadi”, – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.