O‘zbekiston | 08:45 / 21.08.2021
6246
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet» loyihasiga eng ko‘p taklif ichki yo‘llar bo‘yicha kelib tushdi

Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Tashabbusli budjet" loyihasiga fuqarolardan jami 41 125ta taklif kelib tushgan. Bu haqda AOKAda Moliya vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Bildirilishicha, takliflarning eng ko‘pi - 13 853tasi ichki yo‘llarni ta'mirlash, 6 798tasi taklif umumta'lim maktablarini ta'mirlash va jihozlash, 5 649ta taklif ko‘chalarni yoritish tizimi, 4 424ta taklif ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash bilan bog‘liq muammolarni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, hozirda tashabbusli budjet jarayonining 3-bosqich ya'ni ovoz berish jarayoni o‘tkazilyapti. Fuqarolar joriy yilning 2 sentyabriga qadar o‘zlarini qiziqtirgan takliflarga ovoz berishlari mumkin bo‘ladi. 

Har bir shaxs faqatgina bir marotaba ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Bugungi kunga kelib fuqarolar tomonidan 100 mingdan ortiq ovozlar berildi. Bu bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatiga (20 446) to‘g‘ri kelsa, eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatiga (1 962) to‘g‘ri kelmoqda.

Fuqarolarga ovoz berish jarayonlarida faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratish maqsadida 3 xil ko‘rinishda ovoz berish shakli tatbiq etilgan bo‘lib, jumladan fuqarolar portaldan ro‘yxatdan o‘tgan holda, SMS-qisqa xabar orqali, oflayn ko‘rinishda ovoz berishi mumkin.

Mavzuga oid