17:41 / 13.10.2021
37339
O‘zbekistondagi e'lonlar saytida ikkita vertolyot sotuvga qo‘yildi

Fuqarolar havo kemalarini sotib olishi va ulardan shaxsiy maqsadlarida foydalanishi mumkinmi? Kun.uz shu savol bilan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga murojaat qildi.

Foto: aviafederation.com

O‘zbekistondagi eng yirik e'lonlar sayti – Olx'da Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-171E rusumidagi ikkita transport vertolyoti sotuvga qo‘yildi. E'lon muallifi havo kemalari “mutlaqo yangi” ekanini yozgan.

Vertolyotlar “zavod narxi”da sotilayotgani aytiladi. Bu narx – 14 mln dollar (taqriban 150 milliard so‘m).

Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi mas'uli Kun.uz bilan suhbatda ma'lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari fuqaroviy havo transportlarini sotib olishlari mumkin. Agar ushbu transport bilan fuqarolarni tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, aviakompaniya ochish kerak bo‘ladi.

Agar faqat sayohat qilish yoki shaxsiy maqsadlarda boshqa hududlarga borish maqsadida foydalanilsa, Fuqaro aviatsiyasi agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim qilishi hamda uchish uchun bir nechta turdagi sertifikatlarni olishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, havo kemasiga ma'lum vaqt oralig‘ida doimiy ravishda texnik xizmatlar ko‘rsatib turiladi.

  • Ochiq manbalarga ko‘ra, Mi-171E vertolyotlari SSCRning Mi-8 rusumida havo transport vositasining zamonaviylashtirilgan hamda ko‘p funksiyali varianti hisoblanadi. Vertolyot 37 nafar desant yoki 26 nafar yo‘lovchini o‘ziga sig‘dira oladi. 4 ming kg yuk ko‘tara oladigan ushbu transportdan yong‘inga qarshi kurash, patrul xizmati, tez yordam xizmati, og‘ir yuklarni tashish kabi xizmatlarda foydalanish mumkin.
  • Vertolyotning uchishdagi maksimal og‘irligi 13 tonnaga boradi, 6 kilometr balandlikkacha ko‘tarila oladi. Eng yuqori tezligi 250 km/soatni tashkil qiladi.
Top