17:33 / 14.10.2021
74513
«Bu – absurd». Alisher Qodirovdan kun mavzusiga aylangan taklif va mutaxassislardan munosabat

​​​​​​​“Nima uchun bizda migrantlar xorijda ishlab, topgan daromadi uchun soliq to‘lamasligi kerak?” dedi “Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod. Taklif jamoatchilik faollarida e'tiroz uyg‘otdi.

Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar vataniga yuborgan mablag‘larni soliqqa tortish kerak, degan taklifni ilgari surdi O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov.

Alisher Qodirov
 Foto: "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi

«Mamlakat rivojlanishida soliqlarning o‘rni juda yuqori. Nima uchun bizda migrantlar xorijda ishlab, topgan daromadi uchun soliq to‘lamasligi kerak? O‘zbekiston taqdiri uchun, kelinglar, soliq to‘laylik.

Biz hozir faqat migrantlar ishlayotgan joyidan oilasiga jo‘natgan pulini hisob-kitob qilyapmiz. To‘g‘ri, bu ham yaxshi, pul kelyapti. Buniyam tan olishimiz kerak, lekin u sizni oilangizga jo‘natilgan pul. U bilan soliq to‘lanayotgani yo‘q, u mamlakat taraqqiyoti uchun ishlatilmayapti.

Shuning uchun men taklif qilgan bo‘lardimki, kelinglar, yanayam vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘z solig‘ini mamlakat taraqqiyotiga to‘lasin», – dedi «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Andijondagi saylovchilar bilan uchrashuvda.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari prezidentlikka nomzodning taklifini kulgi va istehzo bilan qabul qilmoqda. Ular orasida «Prezidentlikka nomzod bu bayonoti bilan o‘zini-o‘zi o‘yindan chiqardi», deyotganlar ham bor.

«Migrant kim? Yurtida ish topolmay, bola-chaqa, oilasini tashlab o‘zga davlatlarga ish izlab ketgan kishi. Agar O‘zbekistonda qonuniy ish o‘rinlari bo‘lganda edi, u shu yerda solig‘ini to‘lab ishlayverardi. Siz avval O‘zbekistonda ish o‘rni yaratib qo‘ying-da, keyin soliq so‘rang», – mazmunida fikr bildiradi muloqot tarmog‘ining yana qator foydalanuvchilari.

Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan mutaxassislar bilan bog‘landi va Qodirovning bayonoti bo‘yicha fikrlarini so‘radi.

«Bu qip-qizil absurd» — Otabek Bakirov, iqtisodchi

Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, partiya yetakchisining bu taklifi shunchaki absurddir.

Absurd – jiddiy qaralmaydigan, mantiqsiz, asossiz yoki aqlsiz bir narsa yoki holat. Keng ma'noda absurd tuturiqsizlik va safsata atamalarining sinonimi sifatida ishlatilishi mumkin.

«Birinchidan, transfertlar (migrantlarning pul o‘tkazmalari – transfertlardir) to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqqa tortilmaydi, transfertlarning soliqqa tortilishi ular hajmining karrasiga kamayishiga olib keladi. Bu – umum qabul qilingan praktika. Chunki transfertlardan ehtimoliy yig‘iladigan soliqdan ko‘ra yo‘qotishlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi shunday praktikani shakllantirgan.

Ikkinchidan, migrantlarning pul o‘tkazmalari hisobiga shakllanayotgan daromadlarni o‘zlashtiruvchilar – bilvosita soliq to‘lovchilardir. O‘zbekiston soliq yukining mutlaq ko‘p qismini egri soliqlar, ya'ni iste'molchilar to‘laydigan soliqlar tashkil etadi. Ma'lumot uchun, 2021 yil budjetida egri soliqlardan tushumlar (QQS, aksiz va bojlar) jami tushumlarning 50 foizdan ziyodini tashkil etadi. Janob Qodirov ham ovoz bergan shu budjetga. Xorijdan yuborilgan o‘tkazma hisobiga O‘zbekistonda oziq-ovqat, kiyim-kechakmi yo xizmatmi sotib olinganda, tabiiyki, qiymat ichida soliqlar o‘tiradi va demak soliq ushlanadi. Har yili sof o‘tkazmalarni 7 mlrd dollar atrofida baholasak, shu o‘tkazmalarning o‘rtacha 2-2,5 mlrd dollari turli kanallar orqali budjetga kelib tushadi.

Uchinchidan va eng asosiysi, ayrim «g‘or davri vatanparvarligi»ni o‘ziga shior qilgan nomzodlardan yangrayotgan mana shunaqa bayonotlar ularning asoslangan iqtisodiy dasturi mavjudligi tugul, bazaviy iqtisodiy tushunchalardan ham yiroqligini, moliyaviy savodxonligi haminqadar ekanini ko‘rsatadi», – deya bayonotga o‘z munosabatini bildirdi iqtisodchi.

«Qodirovning taklifi – fuqaroni uch karra soliqqa tortish degani» — Zarnigor Omonullayeva, migrantlar masalasi bo‘yicha yurist

Zarnigor Omonullayeva
Foto: Facebook

Moskvada faoliyat olib borayotgan yurist Zarnigor Omonullayeva fikricha, o‘zbekistonlik migrantlar yubormalarini soliqqa tortish ularni bir ish uchun uch bor soliqqa tortish bo‘ladi.

«Bu yerda bir narsani unutmaslik kerak, bugun Rossiya Federatsiyasida yurgan migrantlar shusiz ham soliq to‘laydi, to‘laganda ham ikki karra. Birinchi soliq – ish beruvchi o‘zbekistonlik migrantni ishga olganda, har bir Rossiya fuqarosi to‘laydigan soliq. Bunda migrantning oyligidan ayni shu soliq uchun taxminan 40 foiz ushlab qolinadi.

Ikkinchi soliq esa migrantning o‘zi patent rasmiylashtirib, unga har oy to‘laydigan soliq. Bu ikki soliqni bekor qilishning umuman iloji yo‘q.

Bu borada turli davlatlarda fuqarolarning ikkiyoqlama soliq to‘lashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zaro shartnomalar amal qiladi.

Alisher Qodirovning taklifi esa migrantlarga uchinchi bor soliq solish degani. Migrantlar shusiz ham baland soliqlardan orttirib, O‘zbekistonga 300-400 dollar yubormoqda. Endi shundan ham soliq olishni tasavvur qiling. Bu aqlga sig‘maydi axir.

Ha, migrantlar to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekistonga soliq to‘lamaydi, lekin ularning yubormalari shu mamlakatning YaIM hajmiga foyda keltiryapti-ku.

Yana bir fikr. Migrantlar O‘zbekistonga yuborayotgan pul mablag‘lariga olingan mahsulotlarga ham baribir soliq to‘lanadi. Masalan, avtomobil sotib olish yoki boshqa mahsulotlarga solinadigan QQSni to‘lash bilan.

Negadir, O‘zbekistonda migrantlarning milliy iqtisodiyot uchun keltiradigan foydasi kam gapiriladi, xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi», – deydi yurist.

Omonullayevaning xulosa qilishicha, yaxshi hayotdan hech kim migrant sifatida xorijga ishlash uchun ketmaydi. Davlat yordamisiz, huquqiy himoyasiz xorijda ishlayotgan va pul topayotgan fuqarolardan esa bir ish uchun uch marta soliq olish bu kamida noto‘g‘ridir.

«Qodirovga o‘xshaganlar esa deputat sifatida fuqarolarga yaratishi kerak bo‘lgan sharoitlarni ko‘proq o‘ylashi kerak. Xo‘sh, deputatlar o‘z vazifalarini to‘la bajaryaptimi?» – deya savol qo‘yadi Zarnigor Omonullayeva.

Xalqaro shartnomaga ko‘ra...

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari o‘rtasida 1994 yil 2 martda imzolangan «Daromaddan va mulkdan olinadigan soliqlarning ikkiyoqlama qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida» bitim imzolangan.

Bitimda O‘zbekistonda O‘zbekiston fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, Rossiyada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ikkiyoqlama qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Jumladan, bitimning 23-moddasiga ko‘ra, ahdlashayotgan davlatlardan birining rezidenti ushbu bitim qoidalariga muvofiq boshqa ahdlashayotgan davlatda soliqqa tortilishi mumkin bo‘lgan daromad olsa, u holda bu daromadlar summasi birinchi eslatib o‘tilgan davlatdagi daromad munosabati bilan bunday shaxsdan undiriladigan soliq chegirib tashlanishi mumkin.

Vaholanki, bunday chegirish ushbu birinchi davlatning soliq qonunlari va qoidalariga muvofiq hisoblab chiqilgan daromad summasidan oshmasligi kerak.

Nomzodning bahsli taklifi yuzasidan qo‘shimcha izoh olish uchun partiya rasmiylari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Kun.uz bu borada prezidentlikka nomzodning qo‘shimcha izohlarini taqdim etishga tayyorligini bildiradi.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Top