O‘zbekiston | 18:15 / 29.01.2022
25216
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 80 foiz o‘quvchisi OTMga kirgan maktab direktori taqdirlandi

Sergeli tumanidagi 300-maktab direktori Nigora Saidxo‘jayeva O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi unvoni bilan taqdirlandi. Ma’lum qilinishicha, bu maktab bitiruvchilarining 80 foizi oliygohga o‘qishga kirgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligida Sergeli tumanidagi 300-maktab direktori Nigora Saidxo‘jayevaga “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” faxriy unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va 300-maktab jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Abdujabbor Abduvohidov faxriy unvon haqidagi prezident farmonini o‘qib eshittirdi va Nigora Saidxo‘jayevaga unvonni topshirdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Tadbirda ta’kidlanishicha, 2020/21 o‘quv yilida 300-maktabni bitirgan yoshlarning 82 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylangan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 300-maktab jamoasini bu yutuq bilan tabrikladi.

“Hurmatli Nigora Ergashevna, siz bugun Toshkentda o‘qituvchilarga yaqqol namuna bo‘la oldingiz, bu o‘zingiz va jamoangizning haqiqiy yutug‘i bo‘ldi. Chunki bugungi kunda 5 ming o‘quvchi bitta maktabda o‘qisa va uning 80 foizdan oshig‘i oliygohga o‘qishga kirsa, bunday yutuq ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ham yo‘q deb bemalol ayta olamiz”, – dedi hokim.

Tadbirda 300-maktabning direktor o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori Malika Abdullayeva maktab rejalari haqida gapirib o‘tdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

“O‘tgan yili aprel oyida bosh vazir maktabga kelib, sharoiti bo‘lmagan maktabda shuncha natijalarga erishayotganimizni ko‘rib, bizga respublikada tanho bo‘lgan, ta’lim sifati o‘ziga xos bo‘lgan brend maktab yaratish haqida taklif berdilar. Kelgusida yangi maktabimiz ochilgach, qanday mexanizm va sharoit yaratish haqida bosh qotiryapmiz.

Bizning maktab o‘quvchilari – oddiy xalqning bolasi, ular pul to‘lab xususiy maktabga borolmaydi. Faqat ularga yordam va tayanch kerak bo‘ladi”, – dedi u.

Maktab direktori Nigora Saidxo‘jayevaning aytishicha, birgina odamning mehnati yetarli emas, jamoa kuchli bo‘lsagina muvaffaqiyatga erishish mumkin.

“Bizda qanotlar degan gap bor. Qanotlar bu – “zavuch”lar, ana shular qattiqqo‘l, xushmuomala bo‘lmasa, bu jamoani boshqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Maktabda 245 nafar pedagog bor. Xudo xohlasa, 300-maktab haqida juda ko‘p narsa eshitasizlar, chunki maktab bitishiga juda katta loyihalar tayyorlaganmiz”, – dedi O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Nigora Saidxo‘jayeva.

Mavzuga oid