Jahon banki O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo‘lidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilingan yangi tadqiqotini e’lon qildi. Unda xususiy sektor o‘sishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklash, inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishi bo‘yicha tavsiyalar mavjud.
«Rasmiylar ulkan maqsadlarni ko‘zlab, islohotlarning keyingi bosqichiga hozirlik ko‘rmoqda. Xususan, 2026 yilgacha aholi o‘rtasida kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish, shuningdek, 2030 yilga borib daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilish ko‘zda tutilgan. Bunga erishish uchun YaIMning o‘sish sur’atlari hozirgi darajadan ancha yuqori bo‘lishi talab qilinadi. Ushbu maqsadlarga ish o‘rinlarini yanada ko‘proq yaratish hamda fuqarolarning, jumladan, yoshlar, ayollar va nogironligi bor shaxslarning iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlarini oshirish orqali erishish mumkin», deyiladi hisobotda.
O‘zbekistonga yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun quyidagi to‘rtta yo‘nalishda rivojlanish yordam berishi mumkin:
1) xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratish;
2) davlatning iqtisodiyotdagi rolini isloh qilish;
3) fuqarolar manfaatlariga va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladigan dasturlarga investitsiya qilish;
4) ekologik barqaror kelajakni barpo etish.
Shuningdek, hisobotda rasmiylar uchun tavsiyalar berilgan va yuqorida keltirilgan yo‘nalishlarda quyidagi ustuvor islohotlarga e’tibor qaratish zarurligi qayd etilgan:
Mamlakatda xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish uchun:
- yer, mehnat va moliyaviy resurslarni taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish;
- xususiy sektorda raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy bazani isloh qilish;
- xususiy sektorning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashishiga ko‘maklashuvchi tashqi savdo va investitsiya siyosatini olib borish;
- xususiy sektor korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali xizmatlarni rivojlantirish;
- qishloq xo‘jaligi bozorlaridagi islohotlarni jadallashtirish, bu esa davlatning ularning faoliyatiga aralashishiga chek qo‘yadi.









