15:58 / 25.07.2022
18500

Banklarda yana naqd dollar tanqisligi kuzatilmoqda

O‘zbekistonning bir nechta banklari naqd valutaga 2-3 ming dollargacha cheklovlar o‘rnatgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu spekulyativ amaliyotlar ko‘payib ketgani bilan izohlanishi mumkin.

Foto: Reuters

O‘zbekistondagi ayrim banklarda 25 iyul, dushanbadan boshlab naqd valuta tanqisligi kuzatilmoqda.

Jurnalist Aziza Qurbonova Telegram'dagi kanalida banklarda dollar defitsiti kuzatilayotgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ipak yo‘li banki bosh ofisida 2 ming dollardan ortiq mablag‘ni naqd yechishga cheklov qo‘yilgan.

“Asos va sababni hech kim aytib berolmadi. Aytishlaricha, o‘tgan payshanbada bankda hech qanday cheklov bo‘lmagan. Ipak yo‘li bankning Miroboddagi filialida esa jismoniy shaxslar 3000$ gacha yechyapti.

Shoshganda filialma filial yurish – juda muammo. Pulini zarur miqdorda yecholmayotganlar shahar bo‘ylab filiallarda uchrashib qolyapmiz shu issiqda. Deylik, bugun 10 ming dollar kerak bo‘lgan odam kamida 3-4 ta filialga borishi kerak bo‘lyapti. Bitta yigit esa AQShga ketishi kerak – unga 40 ming dollar kerak. Menimcha, to‘satdan mo‘jiza yuz bermasa, bu ish bilan yana 3 kun yursa kerak. Shunaqa gaplar”, – deydi u.

Bank-moliya sohasi mutaxassisi Ismoil Turopovning yozishicha, u telefon qilgan 8 ta bank bunaqa katta miqdordagi (30-50 ming dollar atrofida) pul bank kassasida bo‘lmasligi mumkinligini aytgan.

U banklar “muammo bor” deb aniq aytmagan bo‘lsalar-da, haqiqatan ham naqd valuta bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilganini, bu ko‘proq “spekulyativ amaliyotlarni chegaralash” uchun ekanini uqtirishga harakat qilishganiga e’tibor qaratgan.

Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, Hamkorbankning bir nechta filialida ham katta miqdorda naqd valuta olib bo‘lmayapti. Anorbankda ham 2000 dollargacha valuta olish mumkin. Ayrim banklarda o‘rnatilgan limitdan ko‘proq valutani “rais ruxsati bilan” olish mumkin bo‘lmoqda.

Hozircha banklar rasmiy ravishda izoh bermadi. Faqat Kapitalbank juma kuni ayrim pul o‘tkazmalarini to‘xtatayotgani, bunga “o‘z xususiyatlariga ko‘ra shaxsiy maqsadlarga zid bo‘lgan o‘tkazmalar soni ko‘paygani” sabab bo‘lganini e’lon qildi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov payshanba kungi matbuot anjumanida banklarda naqd valuta yetishmovchiligi bo‘lishi xavfi mavjud emasligi, ularni naqd valuta bilan ta’minlash uchun yetarli naqd valuta zaxirasi shakllantirilganini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyining oxirida ham banklarda valuta tanqisligi yuzaga kelgandi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlangandi.

Markaziy bank pul o‘tkazmalarining keskin oshishi Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan qirg‘izistonlik va tojikistonlik muhojirlarning ham O‘zbekistonga pul o‘tkazayotgani fonida yuz berayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Regulyator bunga sabab sifatida qo‘shni davlatlarda pul o‘tkazmalarini dollarda berish bo‘yicha taqiq va cheklovlar o‘rnatilganini keltirgan edi.

2022 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 6,5 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Iyun oyidagi o‘sish 3 barobardan ortiqni tashkil etgan.

Top