O‘zbekiston | 14:22 / 30.07.2022
20177
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT doirasida milliy valutadan foydalanishni kengaytirishga doir yo‘l xaritasi ma’qullandi - Lavrov

29 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida “O‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutadan foydalanishni kengaytirish to‘g‘risida”gi yo‘l xaritasi ma’qullangan. RF TIV rahbari Sergey Lavrovga ko‘ra, bu hujjat 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘ladigan davlat rahbarlari sammitida tasdiqlanishi mumkin.

Lavrov vazirlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng tashkil qilingan brifingda ShHT davlatlari AQSh dollaridan voz kechishi borasidagi savolga javob berdi.

“Buni ShHTga a’zo bo‘lgan davlatlarning o‘zi hal qilishi kerak. Dollarga tayanib o‘zini qanchalik qulay his qilishi, ushbu valutaning ishonchliligi hamda suiiste’mol qilinishi holatlarini hisobga olgan holda. Amerikaliklar buni qator davlatlarda bir necha marotaba ishlatishgan.

Ishonchim komilki, ShHT davlatlarining tahlil markazlari [dollar bilan bog‘liq] vaziyatga baho berib, xulosa qiladi hamda o‘z manfaatlaridan kelib chiqib amaliy qadamlar tashlaydi. Bugun davlat rahbarlari [tasdiqlashi] uchun ma’qullangan yo‘l xaritasi ham vaziyat qay tomonga ketayotganini ko‘rsatib turibdi”, – deya Rossiya tashqi ishlar vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq O‘zbekistonning ShHT bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida milliy valutalar orqali savdoga o‘tish masalasi bir necha yillardan buyon ko‘tarib kelinayotgani, lekin bu borada yakuniy to‘xtamga kelinmaganini ta’kidlagan edi.

“Maxsus bir reja ustida ish olib borilmoqda. Bu qanaqadir yakuniy hujjat emas, buni ishchi dastur desak ham bo‘ladi. Bu dastur hamon tomonlar o‘rtasida ekspertlar darajasida muhokama qilinmoqda”, degandi tadbir doirasida interyu bergan O‘zbekiston vakili.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid