13:21 / 08.08.2022
8708
Hayajon, umid va ko‘zyoshlar. Test sinovlari start oldi

1,2 million abituriyent uchun muhim kunlar – bakalavriatga kirish imtihonlari bugun, 8 avgustdan boshlandi. Test sinovlari ketma-ket uchinchi yildirki ochiq havoda o‘tkazilyapti. Kun.uz muxbiri Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib, imtihonlarning ilk smenasidan reportaj tayyorladi.

“Paxtakor” stadioni 4 ta sektorga bo‘lingan va unda 2 280 nafar abituriyent uchun o‘rin yaratilgan. Test sinovlari 2 smenada: ertalab 07:00 dan 10:00 gacha va kechki soat 19:00dan 22:00 gacha tashkil qilinmoqda.

Abituriyentlar 2 ta nazorat punkti orqali o‘tyapti. Dastlab ichki ishlar xodimlari abituriyentlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshiradi.

Sardor Rajabov

DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning aytishicha, hujjatlar va abituriyent ruxsatnomasi ko‘zdan kechirilayotgan vaqtda talabgorlar shaxsni identifikatsiyalash kameralaridan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

“Shundan so‘nggina imtihon topshiradigan o‘rinlariga yo‘l olishlari mumkin. U yerda abituriyentlarga suv, ruchka, kepka, test topshiriqlar kitobchasi hamda javob varaqalari beriladi”, – dedi DTM vakili.

Sardor Rajabovning qo‘shimcha qilishicha, kirish imtihonlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning istalgan biri (ID karta, biometrik pasport, xorijga chiqish uchun beriladigan pasport (“qizil” pasport), haydovchilik guvohnomasi hamda harbiy xizmatchilar uchun harbiy guvohnoma)ni olib kelish mumkin.

“Agarda abituriyentning shaxsni tasdiqlovchi hujjati qolib ketsa, IIO xodimlari tomonidan hujjatning 1-forma shakli tayyorlanib, maxsus qurilmalar orqali fuqaroning shaxsi tasdiqlangach imtihonlarga qo‘yib yuborilmoqda”, – dedi u.

Test imtihonlariga kechikkan abituriyentlar ham uchradi. DTM mutaxassisi G‘ayrat Boboyevning aytishicha, kirish imtihonlarining birinchi kuni ilk smenasidanoq 264 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashmadi.

G‘ayrat Boboyev

“Test sinovlari soat 7:00dan boshlanishi belgilangan, lekin ko‘pchilik abituriyentlarimizning mas’uliyatsizligi sababli kech qolishlar bo‘lyapti. Ruxsatnomada test sinovi soat nechida, qayerda, qaysi sektorda bo‘lishi qayd etilgan. Shuning uchun abituriyentlarimizdan kechikmasdan kelishlarini so‘rab qolardik.

Kechikkan abituriyentlar kirish imtihonida ishtirok etishmaydi, keyingi yil yana bir marotaba hujjat topshirib, imtihonga kirishlari mumkin”, – dedi DTM xodimi.

Imtihonlar jami 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fanlardan o‘tkazilmoqda. 90 ta topshiriqni bajarish va javoblarini titul varoqqa ko‘chirish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

Test sinovlari turli hududlarda turlicha muddatda, uzog‘i 20 avgustda yakunlanadi.

Sardor Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, abituriyentlar qancha ball to‘planganini imtihon topshirgan kunining ertasiga bilishi mumkin. Yakuniy tanlov javoblari, ya’ni mandat barcha test sinovlari yakunlanganidan keyin, 1 hafta o‘tib, ya’ni 27 avgustgacha e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, imtihon o‘tkaziladigan joyning geolokatsiyasini ruxsatnomadagi QR-kod yoki DTMning rasmiy sayti orqali bilib olish ham mumkin.

Respublika bo‘ylab 58 ta joyda bo‘lib o‘tayotgan imtihon jarayonlari test2022.uz sayti orqali onlayn translatsiya qilib borilmoqda.

Top