12:32 / 21.08.2022
74473

iPhone 14 narxlari, Xitoydagi “osmon poyezdi”, koinotdagi issiqxona - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Yangi iPhone 14 taqdimotiga oz qoldi

Apple kompaniyasi 7 sentabrda iPhone 14 smartfonining yangi modellari taqdimotini o‘tkazadi. Sotuvlar boshlanishi esa 16 sentabrga belgilangan. Bu haqda o‘z manbalarga tayanib Bloomberg nashri xabar bermoqda.

Shuningdek, taqdimot kuni Mac yangi kompyuterlari , iPad planshetlari hamda Apple Watch aqlli soatlarining uchta yangi modeli ham namoyish etilishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 14 modellarining narxlari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • iPhone 14 – 799 dollar;
  • iPhone 14 Plus – 899 dollar;
  • iPhone 14 Pro –1099 dollar;
  • iPhone 14 Pro Max –1199 dollar.
Foto: mydrivers.com

Apple taqdimot kunini va yangi smartfonlarning narxlarini rasman tasdiqlamagan.

Uchuvchisiz vertolyot

Rossiyaning “Rostex” holdingi BAS-200 deb nomlanuvchi uchuvchisiz vertolyot sinovlari yakunlanganini e’lon qildi.

Foto: Rostex

Bu qurilmaning maksimal parvoz balandligi 3500 metr, uchish davomiyligi esa 4 soatni tashkil qiladi; soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanadi va 50 kilogrammgacha yuk ko‘tarishi mumkin.

BAS-200 geologik qidiruv, o‘rmonlarni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, qidiruv-qutqaruv faoliyati kabi tarmoqlarda qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Dunyodagi birinchi osma temiryo‘l

Xitoyda dunyodagi birinchi Red Rail nomli osma temiryo‘l sinovdan o‘tkazildi. 800 metr uzunlikdagi eksperimental yo‘l Xitoyning janubidagi Tszyansi provinsiyasining Singuo tumanida joylashgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Quruvchilar 88 yo‘lovchiga mo‘ljallangan poyezdni o‘n metr balandlikka ko‘tara oladigan osma chiziq mexanizmini yasashda magnitlardan foydalangan.

Tszyansi fan va texnologiya universiteti tadqiqotchilarining fikricha, yangi “osmon poyezdi” amalda elektr energiyasini iste’mol qilmaydi va magnit maydon yordamida yo‘lning katta qismini bosib o‘tadi. Elektr energiyasi esa faqat tezlashtirish va sekinlashtirish uchun sarflanadi. Shuningdek, doimiy yuk tashish faoliyatiga ham kam miqdorda elektr quvvati kerak bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, bunday yo‘lni qurish narxi metro liniyasini qurish narxining o‘ndan bir qismini tashkil etadi.

Mahalliy transport ma’muriyatining ma’lum qilishicha, poyezd o‘rtacha 80 km/soat tezlikda harakatlanadi. Sinovlar jarayonida uning maksimal tezligi 120 km/soatgacha ko‘tarilgan.

Marsda kislorod olish usuli topildi

AQShning Massachusets texnologiya instituti rahbarligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi plazma yordamida Mars sharoitida kislorod olish usulini ishlab chiqdi.

Elektronlar is gazi molekulasi bilan to‘qnashganda uni parchalab, kislorod va gazlar aralashmasini hosil qiladi. Plazmadan ajralib chiqqan issiqlik kislorod ajralishiga yordam beradi. Olimlar bu nazariyani tajriba asosida isbotlab berishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu texnologiya Marsda yashash tizimi hamda yonilg‘ini qayta ishlash, qurilish materiallari va o‘g‘itlar ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan kimyoviy moddalarni ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yangi aqlli quloqchinlar

Sennheiser kompaniyasi Momentum 4 Wireless simsiz quloqchinlarini taqdim etdi. Yangi mahsulot 23 avgustdan boshlab 350 dollar narxda sotuvga chiqadi.

Foto: Sennheiser

Quloqchinlar qulay yig‘iladigan dizaynda yaratilgan. Momentum 4 Wireless bir marta quvvatlanganda 60 soatgacha xizmat qilishi mumkin, 10 daqiqalik quvvat 6 soat musiqa tinglash uchun yetadi. Smart Pause funksiyasi esa quloqchinni yechganda ovoz avtomatik ravishda to‘xtashini ta’minlaydi.

Shuningdek, Adidas kompaniyasi ham Zound Industries bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan RPT-02 Sol nomli simsiz quloqchinlarni namoyish qildi.

Foto: Adidas

Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri – u fotoelektrik panellar bilan jihozlangan. Bu esa quyosh nuri yoki bino ichidagi ozgina sun’iy yorug‘lik yordamida ham quvvatlantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, quloqchinda quvvatlash uchun USB Type-C tirqichi ham bor. Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, to‘liq quvvatlash yordamida quloqchin bilan 80 soatgacha musiqa tinglash mumkin.

RPT-02 Sol avgust oyining oxirida sotuvga chiqishi ko‘zda tutilgan. Qurilmaning narxi 229 dollarni tashkil etdi.

Koinotdagi ilk tijoriy issiqxona

Redwire korporatsiyasi Yerdan tashqari bog‘dorchilik bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun 2023 yil bahorida koinotda o‘zining birinchi tijoriy issiqxonasini ishga tushiradi.

Foto: NASA

Kompaniyaning loyiha menejyeri Deyv Ridning so‘zlariga ko‘ra, kosmik infratuzilma loyihasi NASA'ning Artemis va boshqa loyihalari uchun muhim ma’lumotlarni taqdim etadi.

Artemis dasturi kosmonavtlarni Oyga jo‘natish va uzoq muddatli Oy koloniyasini tashkil etishni maqsad qilgan.

Redwire kompaniyasining birinchi mijozi tijorat qishloq xo‘jaligi texnologiyasi bo‘yicha Dewey Scientific kompaniyasi bo‘lishi aytildi. Yangi loyiha insoniyatning kosmosda ekin yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Aqlli qamoqxona

Buyuk Britaniya hukumati 2025 yilda aqlli qamoqxona ochilishini e’lon qildi. Muassasa quyosh panellari bilan jihozlanadi, mahkumlar esa planshet va noutbuklarga ega bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 400 million funt sterlingni (484 million dollar) tashkil etadi. Qurilish ishlarini 2022 yilning kuzidan boshlab “Kier” firmasi amalga oshirishni boshlaydi.

Yangi muassasa Birlashgan Qirollik tarixidagi eng qimmat qamoqxona bo‘lib, jinoyatchilikni kamaytirish uchun yangi aqlli texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Mahkumlarga beriladigan gadjetlarda internetdan foydalanishga ruxsat berilmaydi, faqatgina o‘quv kurslarda qatnashish, ozodlikka chiqqandan keyin ish topish uchun yangi kasblar o‘rgatiladi. Bundan tashqari, gadjetlar yordamida mahkumlar qamoqxona shifokori qabuliga yozilish, kutubxonaga kitob olish uchun ariza berish, shuningdek, oilasiga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, yangi aqlli qamoqxonada faqatgina yengil jinoyat sodir etgan shaxslar jazo o‘taydi.

Top