O‘zbekiston | 17:42 / 10.11.2022
9594
9 daqiqa o‘qiladi

Odamlar va mashinalar tushib ketayotgan Dehqonoboddagi ko‘prik: Uni tuzatish nega orqaga tashlanyapti?

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida Boyqo‘rg‘on va Yangiqishloq hududlaridan oqib o‘tadigan Katta Ura daryosi ustida tayinli ko‘prik yo‘q. Aholi qurgan ko‘priklarni har yili sel yuvib ketadi, 40 yil oldin qurilgan osma ko‘prik esa odamlar uchun juda xavfli bo‘lib qolgan.

Foto: KUN.UZ

Katta Ura Boyqo‘rg‘on va Yangiqishloqni ikkiga ajratib turadi. Yangiqishloqliklar maktab, kasalxona, bozor va ish uchun Boyqo‘rg‘onga boradi. Tuman markazi yoki ishga ham Boyqo‘rg‘on orqali ketiladi. Bundan tashqari Yangiqishloq bilan birga yana 4–5 qishloq aholisi ham turli yumushlar bilan Yangiqishloqqa kelib, bu yerdan Boyqo‘rg‘onga o‘tadi.

Qishloq aholisining aytishicha, hozir bu hududda tayinli ko‘prik yo‘q. 2 hududni bog‘laydigan osma ko‘prik bundan 40 yilcha ilgari hashar yo‘li bilan qurilgan. Bu ko‘prik ham odamlar o‘tishi uchun xavfli bo‘lib qolgan.

«O‘tgan yili bir qiz daryoga tushib ketgandi. Ko‘ylagi ko‘tarilib qolgani uchun ko‘rib qoldim. 100 metrcha oqib borgandan keyin, suvdan chiqarib oldim», — deydi «Boyqo‘rg‘on» MFYda joylashgan 13-maktab o‘qituvchisi G‘ayrat Yaxshiboyev.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev
Foto: Bekzod Yaxshiboyev

13-maktab o‘qituvchilarining aytishicha, o‘quvchilari ko‘prikdan o‘tib olishguncha ularni kuzatib turishadi.

Davron Ismoilov shu maktabda ona tili o‘qituvchisi, u har kuni bolalarni ko‘prikdan o‘tkazib qo‘yishga 3 soat vaqt sarflaydi. Uning aytishicha, Yangiqishloq qishlog‘idan 100ga yaqin o‘quvchi shu ko‘prikdan o‘tadi. 20dan oshiq bog‘cha yoshidagi bolalar, 10dan oshiq o‘qituvchilar ham ko‘prikdan foydalanishadi.

«Aholi shu yerdagi qabristonga keladi. Odamlar ko‘p-ko‘plashib o‘tolmaydi. Hatto yuki, meva-sabzavot, unlari tushib ketgan holatlar ham bo‘lgan», — deydi D.Ismoilov.

Ko‘prik bilan bog‘liq yana bir baxtsiz hodisa 2011 yilda bo‘lgan. Yangiqishloqda yashaydigan shifokor Jasur Eshqobilov chaqiruv bo‘lib qolib, bemorning yoniga borayotganda shu ko‘prikdan tushib ketgan.

«Kechqurun Boyqo‘rg‘ondan bir bemordan chaqiruv bo‘lgan, shuni ko‘rishga ketayotgandim. Taxta sinib, ko‘prikdan pastga quladim. Keyin yuz va jag‘ qismidan jarohat olib, 6 oy kasalxonada yotganman. Bunaqa baxtsiz hodisalar juda ko‘p bo‘ladi. Ko‘prik va daryoning orasi 3 metr. Motosikllar, bolalar tushib ketgan vaqtlari ham bo‘lgan. Bolalarimni ham o‘zim o‘tkazib qo‘yib, keyin ishga ketaman. Ko‘prikdan o‘tish uchun bolalar navbatda turishadi», — deydi shifokor.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev
Foto: Bekzod Yaxshiboyev

Aholi katta yuklar bilan kelganda bu osma ko‘prikdan foydalana olmaydi. Shuning uchun ular har yili hashar yo‘li bilan qo‘lbola yog‘och ko‘prik ham qurishadi. Bu ko‘prikdan mashina yoki og‘ir yuklar bilan o‘tishga to‘g‘ri kelgan holatlarda foydalanishadi. Lekin qo‘lbola ko‘prik mustahkam bo‘lmagani uchun uni har yili sel yuvib ketadi.

Bekzod Yaxshiboyevning aytishicha, yaqinda 4 noyabr kuni kelgan sel qo‘lbola ko‘prikni ham yuvib ketgan.

«Yiliga 2 bor, bahor va kuzda ko‘prikni sel olib ketadi. Yaqinda ham xuddi shunday bo‘ldi: aholi mashinasini daryoning narigi tomonida qoldirib ketishga majbur bo‘ldi. Mashinani daryoning bo‘yiga qo‘yib, osma ko‘prikdan o‘tib, ishiga, yumushiga ketadi. Boshqa ilojimiz yo‘q. Bir hamqishlog‘imizning mashinasi tushib ketgandi», — deydi B.Yaxshiboyev.

G‘ayrat Yaxshiboyev «Matiz» rusumli avtomobili bilan 2020 yil qo‘lbola ko‘prikdan o‘tayotganda suvga tushib ketgan.

«Mashinam bilan suvga tushib ketganimda dushanba edi. Bu kunda bizda bozor bo‘ladi. Un do‘konlarda sotilmagani uchun, bozordan un olishga borgandim. Mashinamni zo‘rg‘a suvdan chiqarib oldik. Bir ahvolda edi. Qarshi shaharga borib, tuzatib keldim. Mendan tashqari, yana boshqa mashinalarning bir qismi ham ko‘prikdan tushib ketishi holatlari ko‘p bo‘ladi. O‘sha yerdagi odamlar bilan ko‘p-ko‘plashib chiqarib olamiz», — deydi B.Yaxshiboyev.   

Qishloq aholisi bir necha bor tuman hokimligiga, mahalla raislariga ko‘prik qurib berishni so‘rab chiqishganini aytishdi.

«Bu yerda aholi kam degan ma’noda, bundan boshqa abgor holatdagi ko‘priklar bor deb, bizning so‘rovimizni orqaga tashlab kelishyapti. Lekin bu ko‘prikdan ham mingdan ortiq xo‘jalik foydalanishini bilisharmikan», — deydi Bekzod Yaxshiboyev.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev

Aholi e’tirozlariga izoh olish maqsadida Dehqonobod tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Otabek Qo‘ldoshev bilan bog‘landik. Uning ma’lum qilishicha, Dehqonobodda bunday ko‘priklardan juda ko‘p. Aynan mana shu holat bo‘yicha aholi tuman hokimligiga murojaat ham qilgan.

«2022 yildan hozirgacha shunaqa ko‘priklardan 9tasi ta’mir qilishga tushgan. 2tasi topshirildi, 7tasida ta’mirlash ishlari ketmoqda. Ular yil yakunigacha tugatilishi kerak. Qo‘shimcha mablag‘lar bo‘ladigan bo‘lsa, qandaydir imkoniyat bo‘lib qolsa, bunaqa abgor holatdagi ko‘priklar mahalliy budjetning orttirilgan qismidan qurib beriladi.

Bu ko‘prik odamlar uchun juda noqulayligini, aholi mustahkam, yaxshi ko‘prikka munosibligini hokimlik mas’ullari ham biladi, albatta. Ammo barcha masala mablag‘ga borib taqaladi. Qolaversa, bundan-da og‘ir vaziyatda bo‘lgan joylar bo‘lganki, bundan avval ular ta’mirga tushgan. Odatda mas’ullar vaziyatni o‘rganib, eng abgor holdagi ko‘prikni ta’mirlashga qo‘yishadi», — dedi O.Qo‘ldoshev.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev

130–160 mln so‘mlik ko‘prik

Otabek Qo‘ldoshev hokimlik o‘z mablag‘laridan quradigan osma ko‘priklar 130-160 mln so‘mga tushishini va bunday ko‘priklarni ham sel olib ketishi mumkinligini aytdi.

«Sel olib ketmaydigan ko‘priklar 1,5–3 mlrd so‘mga tushadi. Ular davlat dasturiga kiritilib, respublikadan mablag‘ beriladi. Qolgan jin ko‘priklar 100-150 mln so‘mlik atrofidagi mablag‘lar evaziga ta’mirlansa, 10 lab ko‘priklarga tuman budjetidan pul ajratiladi, shunda ham tumanning mablag‘i yetsa quriladi», — deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev

1,5–3 mlrd so‘mlik ko‘prik

Qishloq aholisi esa ko‘prikdan foydalanadiganlar kam emasligini, kam bo‘lganda ham davlat uchun har bir fuqaro hayoti muhim bo‘lishi kerakligini aytmoqda.

«Yangiqishloqda 450dan ortiq odam yashaydi. Lekin ko‘prikdan faqat yangiqishloqliklar emas, Ingichka, Oqtayloq kabi yana 5-6 qishloq aholisi ham o‘tadi. Bozorga boradi, bolalarini maktabga, shifoxonaga olib kelishadi», — deydi Jasur Eshqobilov.

Bu gapni Yangiqishloqda yashaydigan o‘qituvchi Bekzod Yaxshiboyev ham tasdiqladi:

«Yangiqishloqda 500ga yaqin xonadon bor. Bu ko‘prikdan foydalanadigan boshqa qishloq aholisini ham qo‘shib hisoblasa, ko‘prik mingdan ortiq xo‘jalikka xizmat qilib kelyapti», — dedi u.

Bundan tashqari aholi ko‘prikning muhimligi haqida gapira turib, ko‘prik mashinada 1,5 soat, yayov yurganda 4-5 soat sarflanadigan 20 kilometrlik yo‘lni qisqartirishini aytishdi.

«Lekin o‘sha uzoq yo‘llardan ham quruqchilik bo‘lgan paytlarigina o‘ta olamiz. Qish, bahor va kuzda umuman o‘tib bo‘lmaydi», — deydi G‘ayrat Yaxshiboyev.

Hokimlikning bergan javobidan ko‘rinib turibdiki, Boyqo‘rg‘onning aynan yuqorida ko‘rsatilgan hududida ko‘prik qurish bo‘yicha hokimlik tasdiqlagan hujjat yo‘q. Qishloq aholisi esa qishni ko‘priksiz qanday o‘tkazish, bahorda yana o‘zlari ko‘prik qurishi va uni ham sel olib ketmasligi xavotiri bilan qolmoqda.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid