O‘zbekiston | 12:18 / 16.11.2022
31664
2 daqiqa o‘qiladi

Akbar Toshqulov adliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori vazir bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Akbar Jo‘raboyevich Toshqulov O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Akbar Toshqulov 1971 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1994 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» unvoni bilan taqdirlangan.

U o‘z mehnat faoliyatini 1994-1995 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalqaro-huquqiy boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan.

Akbar Toshqulov adliya organlari tizimida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan bo‘lib, 2005-2013 yillarda Surxondaryo viloyat, 2013-2017 yillarda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmalari boshlig‘i,  2017-2021 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2021 yil 10 dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlangandi.

  • 15 noyabr kuni 2017 yildan buyon Adliya vazirligiga rahbarlik qilib kelgan Ruslanbek Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid