07:52 / 20.03.2023
15067

Zelenskiy: XJSning Putinni hibsga olish haqidagi orderi - burilish nuqtasi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kundalik videomurojaatida Xalqaro jinoiy sudning Vladimir Putinni hibsga olish uchun bergan orderini urushdagi burilish nuqtasi deb atadi. 

Foto: president.gov.ua

«Bu hafta nihoyat Ukraina uchun, adolat uchun haqiqatan ham muhim xalqaro huquqiy natija keltirdi. Xalqaro jinoiy sudning Rossiya rahbarini hibsga olish uchun orderi bor va bu burilish nuqtasi. Shundan so‘ng Rossiya uchun bu tajovuzning yakuni uning to‘liq mas’uliyati bo‘lishi oydinlashdi», dedi Zelenskiy.

AQSh prezidenti Jo Bayden 17 mart kuni Vladimir Putin «urush jinoyatlarini aniq sodir etgani» va Haagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish uchun order berilgani asosli ekanini aytdi. «Biroq, muammo shundaki, bu butun dunyoda, jumladan bizda ham tan olinmaydi. Lekin menimcha, bu juda kuchli bayonot», - deya Baydenning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Xalqaro jinoiy sudning qarorlari uni 1998 yilda tashkil etgan xalqaro shartnoma - Rim statutini imzolagan davlatlar uchun majburiydir. Gap 123 ta davlat, jumladan Yevropaning barcha mamlakatlari, Janubiy Amerika, shuningdek, Tojikiston, Janubiy Afrika, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya haqida bormoqda. Biroq, ular orasida Qo‘shma Shtatlar ham, Rossiya ham yo‘q.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergani haqida 17 mart, juma kuni XJS saytida xabar berilgan. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Xuddi shunday hibsga olish orderi Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. XJS qarorida aytilishicha, Haaga sudi «u yuqoridagi jinoyatlar uchun shaxsan jinoiy javobgarlikka tortilish uchun yetarli asoslarga ega, chunki u bu qilmishlarni bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda va/yoki boshqa shaxslar orqali sodir etgan».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top