Xaritada SSSR, tabiiyki, «yovuzlik saltanati» sifatida tasvirlangan, Xitoy esa «yaxshi kommunistlar» qabilida. G‘arbiy Yevropa — «sotsialistlar va patsifistlar», shuningdek, «bizning raketalarimiz» turgan joy sifatida. Yana «Tetcher yerlari» ham bo‘lgan. Yaqin Sharq — «bizning neftimiz» bo‘lgan, Fors ko‘rfazi esa — «bizning ko‘limiz». Ushbu xarita Amerika prezidentining jo‘n qarashlari ustidan beozor va masxaraomuz kulgini bildirgan, aslida. To‘g‘ri, ba’zi bir o‘ta konservatorlarga bu xarita yoqib tushgan, chunki ularning atrofdagi dunyo haqidagi tasavvurlarini aniq akslantirgan.

Geografiya bilan bog‘liq tarix

Endi 40 yil oldinga o‘tamiz.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin navbatdagi direktiv hujjat — Tashqi siyosat konsepsiyasini imzoladi. U 44 sahifaga sig‘dirilgan zerikarli ma’lumotlarni o‘qib uqishga sabri yetmaydiganlarga sayyoradagi turli davlatlar va qit’alarning joylashuviga o‘ta spetsifik qarash taqdim etadi.

Dunyo markazida, tabiiyki, «sivilizatsiya-mamlakat» deb atalgan Rossiya turibdi. Keyingilari yanada ajoyib. Konsepsiyaning asosiy bo‘limlaridan biri «Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosatining mintaqaviy yo‘nalishlari» deb ataladi va tavsifning geografik prinsipini nazarda tutadi. Unda Kreml o‘zining shaxsiy, novatorlik geografiyasini taqdim etgan. Ya’ni Rossiya «yaqin xorij» davlatlari bilan o‘rab olingan va Kreml bu yerda mojarolarni bostirish va «rangli inqiloblar»ga qarshi kurashishga bel bog‘lagan.

Bularning barchasi «Yevrosiyo qit’asi»ga joylashtirilgan va qizig‘i, unda Yevropa tilga olinmagan. «Yevrosiyo»da Moskva «umumqamrovli sheriklik va strategik hamkorlik»ka ega bo‘lgan Xitoyga, shuningdek, «imtiyozli» sheriklik qilinayotgan Hindistonga keng o‘rin berilgan. Yevrosiyoda Rossiya «YeOII, ShHT va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari Assotsiatsiyasi (ASEAN)ga tayangan holda barcha davlatlar, mintaqaviy tashkilotlarning salohiyatlarini birlashtirish vositasida Katta Yevrosiyo sherikligi — keng integratsion kontur yaratish»ga hozirlanmoqda, shuningdek, YeOII hamda Xitoyning «Bir belbog‘ — bir yo‘l» tashabbusining rivojlanish rejalarini birlashtirmoqchi.

Odam tushunadigan tilga tarjima qilinganda: Moskva transqit’aviy transport kommunikatsiyalari va o‘zaro manfaatli tovar ayirboshlashni tashkillashtirmoqchi. Yuklar g‘oyaga ko‘ra yirik bozor bo‘lmish Yevropaga yetkazilishi kerak, ammo «Yevrosiyo qi’asi» konsepsiyasi mualliflari Yevropani xaritaga umuman joylashtirishmagan. Tushunarli sabablarga ko‘ra, sanksiyalar va ihotalanish sharoitida Rossiyadan u yerga tovarlar kira olmaydi. Yangi geografiyaga ko‘ra, «Yevrosiyo qit’asi»ga «Osiyo-Tinch okeani mintaqasi» ham kiradi (lekin konsepsiya bu mintaqaga Yaponiya, Janubiy Koreya va AQShni qo‘sha olmaydi). Bu mintaqa o‘zaro manfaat doirasida do‘stlashish nazarda tutilayotgan ASEAN davlatlari bilan cheklangan.