13:44 / 13.04.2023
9549

ISW: Egallab olingan hududlarni ruslashtirish Rossiyaning o‘ziga zarba beryapti

Foto: AP

Kremlning Ukraina egallab olingan hududlarida ruslashtirish kampaniyasi Rossiya Federatsiyasining o‘ziga zarba berib, unda radikal millatchilar pozitsiyasini mustahkamlamoqda, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘zining navbatdagi tahliliy sharhida

Institut tahlilchilariga ko‘ra, rossiyalik millatchilar Ukrainani, shuningdek, Rossiyadagi etnik ozchiliklarni ham ruslashtirishga qaratilgan ksenofobik mafkurani loyihalashtirmoqda. 

Ushbu tezisni qo‘llab-quvvatlash uchun ISW bir nechta misollarni keltirdi. 

Ulardan biri «DXR» sobiq «mudofaa vaziri» Igor Girkinning (Strelkov) Telegram’da rossiyalik blogerning Tiva Respublikasi 104 ta ma’muriy-hududiy birliklariga tuva toponimiyasi qoidalariga mos keladigan asl nomlar qaytarilishi haqidagi tanqidiy postining repost qilinishidir. Postda bu «ruxsat etilgan narsaning chegaralarini tekshirish» deb baholangan. 

Institut hisobotidan yana bir misol - 12 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir guruh erkaklar qo‘llarini fashistlar salomiga o‘xshash holda ko‘tarib, «Rossiya ruslar uchun» deya hayqirib, Ufadagi ma’muriy binolar yonidan o‘tayotgani aks etgan. 

«Urush davom etar ekan, bu dinamika kuchayib boradi va undan keyin ham davom etadi, kelgusi yillar davomida Rossiyaning ichki qismiga kirib boradi», deb hisoblaydi ISW tahlilchilari. 

Bundan oldin ISW Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘rtasidagi ommaviy bahs-munozara Kremlning tadbirkorni obro‘sizlantirish harakatlarining davomi ekani haqida yozgandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya hukumat idoralari Prigojinning jamoatchilik yoki siyosiy qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lish borasidagi har qanday urinishining oldini olishga harakat qilmoqda. 

Tadbirkorning o‘zi «o‘zini tashqi siyosatga ta’sir o‘tkaza oladigan davlat arbobi sifatida ko‘rsatishga» urinmoqda, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarida «Vagner guruhi» kuchlarining rolini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda, deydi ISW ekspertlari.

Mavzuga oid
Top