Putinning yuqorida zikr etilgan ikkita farmoni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili hamda uning atrofida birlashgan yevropaparast muxolifatning qattiq tahlikali reaksiyasini keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqi ham chetda qolmadi va hukmron rossiyaparast «Gurjiston orzusi» tomonidan tuzilgan hukumatga ikkilamchi sanksiyalar bilan tahdid qildi, deb yozadi jurnalist va tarixchi Aleksandr Jyelenin.

Zurabishvili esa bir qaraganda Kremlning ijobiy qadamlariga javoban ters xarakterdagi choralar ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Jumladan, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni taqiqlash, rossiyaliklar uchun viza joriy etishni. Bungacha ikki mamlakat o‘rtasidagi viza rejimi birtomonlama xarakterga ega edi — faqat Rossiyaga kirib kelayotgan gurjistonliklar viza olishga majbur edilar. Rossiyaliklar esa 2008 yilgi urushdan so‘ng ham Gurjistonga shunchaki chegarada pasportni taqdim etib, to‘siqlarsiz kirib kelishda davom etishayotgan edi.

Putin farmonlari nimani o‘zgartirdi?

Yaqindan tanishilsa, hech narsani o‘zgartirmagani ma’lum bo‘ladi. Vizalar Rossiyaga 90 kundan kam muddatga kirib kelayotgan gurjilar uchun bekor qilinadi, ya’ni juda kamchilik guruh uchun. Chunki gurjilarning juda katta qismi Rossiyaga ishlash uchun borishadi yoki borishni istashadi, bir qismi o‘qish uchun borishadi. Mana shu toifadagi ko‘plab insonlar uchun viza rejimi amal qilaveradi. Boz ustiga, 2008 yil Rossiya Janubiy Osetiyani anneksiya qilgach, Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzgan diplomatlar uchun ham viza rejimi amal qilishda davom etadi. Gurjiston o‘z manfaatlarini Moskvadagi Shveytsariya elchixonasi orqali taqdim etib kelmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, Kreml tomonidan «insonparvarlik xarakteridagi qaror» sifatida taqdim etilayotgan qaror ikki mamlakat munosabatlarida ko‘p narsani o‘zgartirmaydi.

Ikkinchi farmon Rossiya va Gurjiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarning qayta tiklanishiga taalluqli. Bu esa Putin tomonidan 2019 yilda kiritilgan taqiqni bekor qiladi, xolos. Ya’ni bu yerda ham hech qanaqa yangilik yo‘q: poshsho taqiqladi, poshsho ruxsat berdi. Lekin gap shundaki, aviaqatnovlar – ikkitomonlama harakat. Putin Rossiyada istagan narsasini taqiqlab yo ruxsat berishi mumkin, lekin Gurjistonda o‘z qonunlari va qoidalari bor. Agar Gurjiston hukumati Putinning bu «ezgu niyatdagi qadami»ni istamasa, Rossiya bilan hech qanaqa aviaqatnovlar tiklanmaydi.

Albatta, Kremlning har bir xatti-harakatida firib ko‘radigan Zurabishvili va Gurjiston muxolifatining pozitsiyasi Rossiya tomonidan Tsxinvali tumani anneksiya qilingach va Abxaziya mustaqilligi tan olingach, mutlaqo qonunga muvofiq va mantiqli. Bugun har bir gurji sizga Rossiya Gurjistonning 20 foiz hududini anneksiya qilganini aytadi. Gurjilarning katta qismi Rossiyaning Ukrainaga hujumidan nafratlanadi. Rossiyaning Gurjistonga oid har qanday harakatiga Gurjiston jamiyatining keskin reaksiyasi ildizi mana shu yerda.