Ukrainada urushning 444-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- «Kommersant» o‘z manbasiga tayanib, Bryansk oblastida ikkita Mi-8 vertolyoti va ikkita qiruvchi samolyot halokatga uchraganini xabar qildi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ularning deyarli barchasi bir vaqtning o‘zida urib tushirilgan. Baza kanaliga ko‘ra, jami to‘qqiz uchuvchi halok bo‘lgan.
- RF mudofaa vazirligi Bryansk oblastidagi hodisalar bo‘yicha hech qanday izoh bermadi. Region gubernatori faqat bitta vertolyot halokatini rasman tasdiqlagan.
- Anneksiya qilingan «LXR»da «otishmalar tufayli» mobil internet o‘chirib qo‘yilgan.
- Germaniya Ukrainaga urush boshidan buyon eng yirik yordam paketini taqdim etadi — Der Spiegel nashri yozishicha, 2,7 milliard yevroni tashkil etadi.
- Volodimir Zelenskiy Rimda Italiya prezidenti va bosh vaziri, shuningdek Rim papasi bilan uchrashdi.
Bryansk oblastida rossiyaliklarning vertolyotlari va samolyotlari halokati
13 may kuni Bryansk oblastida bir vaqtning o‘zida bir necha havo kemasi halokatga uchradi. Region gubernatori Aleksandr Bogomaz kamida bitta vertolyot halokatini tasdiqlagan. TASS agentligi aniqlik kiritishicha, gap Mi-8 vertolyoti haqida bormoqda, shuningdek Su-34 bombardimonchisi halokatga uchragani aytilgan. Keyinroq OAVda va telegram-kanallarda shu kuni oblast hududida jami to‘rtta uchish apparati — ikkita vertolyot va ikkita samolyot qulagani aytildi (bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan). Mash manbasiga ko‘ra, ekipajning barcha a’zolari halok bo‘lgan. Vertolyotlar va samolyotlar halokati sabablari to‘g‘risida bir necha versiyalar ilgari surilmoqda — ko‘chma zenit raketalari bilan qurollangan diversantlardan tortib Ukraina aviatsiyasi zarbalarigacha.



























