Qarshi shahrida 4-sonli IIB boshlig‘i Asror Jo‘rayev va shahar prokurori Alisher Mirzayev o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Internetda tarqalgan videoda IIB boshlig‘i telefonda prokuror bilan gaplashayotgani aks etgan.

“Menga qarang, yoqib yubordimi? Ustidan quydi. Xudodan qo‘rqing, tuxmat qilmang. […] Prokuror bo‘lsangiz, men ham qonunni yaxshi bilaman. Siz prokurorsiz, men ham fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan odamman. Siz ham prezidentning odami, men ham prezidentning odami. Tushundingizmi, Alisherjon? Menga siz o‘dag‘aylamang. O‘dag‘aylasangiz, shaxsiy adovat qilsangiz, ana undan keyin Chingalchukdek, ochiqchasiga, bittama-bitta gaplashamiz”, – deydi ichki ishlar xodimlari yaqinida telefonida gaplashgan IIB boshlig‘i.

Muloqotdan, prokuror uni huzuriga chaqirgani anglashiladi.

“Men nima qilaman u yoqqa kelib, mana ko‘chada gaplashamiz. Xohlagan kattamga chiqing, men pensiyaga chiqsam chiqamanki, bunday qilmayman. Men xalqimni yaxshi ko‘raman, xalqimni sevaman”, – deydi Asror Jo‘rayev. 

Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, voqea shu yil 13 aprel kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, bu yerda gap – Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida savdo do‘koni qurilgani haqida ketyapti. Prokuraturaga ko‘ra, do‘kon qurilishi noqonuniy bo‘lgan, ustiga ustak tez yordam mashinalarining shifoxonaga kirib-chiqishiga xalal beryapti.

Do‘konni qurgan Bobur Xodiyev ismli fuqaro noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzib olish to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirilgan, ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan, lekin baribir do‘konni buzmagan. Holatni Qarshi shahar prokurori nazoratga olgan.

Shundan keyin, 13 aprel kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi 4-sonli IIB boshlig‘i A.Jo‘rayev mutasaddi idoralar bilan birgalikda fuqaro B.Xodiyevga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun borgan.

“Shu vaqtda B.Xodiyevning turmush o‘rtog‘i mas’ul xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo do‘konini buzmasligini bildirib, kiyimlariga benzin sepib, o‘zini o‘zi yoqish bilan qo‘rqitgan.