Hindistonda uchta poyezd to‘qnashgan hududdagi qutqaruv ishlari yakunlandi - vayronalar orasidan barcha qurbonlar va jabrlanganlar olib chiqilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni mamlakat sharqidagi Odisha shtati hududida yo‘lovchi poyezd harakatsiz turgan yuk poyezdiga urilishi, u izdan chiqib ketib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan boshqa yo‘lovchi poyezdiga urilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 275 nafarni tashkil etmoqda.

Rasmiylar bundan avvalroq qurbonlar soni 288 nafarligini xabar qilgandi, ammo keyinroq raqamlar o‘zgardi - Odisha shtati bosh kotibi Pradip Jyenning xabar berishicha, hisoblash vaqtida ayrim jasadlar ikkitaga baholangani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 1200 nafarga yaqin kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Og‘ir yaradorlar Odisha shtatidagi, voqea joyidan taxminan uch soatli masofada bo‘lgan yirik shifoxonaga yotqizilgan. Ayni vaqtda bu yerga 220 nafarga yaqin jabrlanuvchi olib kelingan, ularning soni oshishda davom etadi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi fojia joyida
Foto: INDIAN PRESS INFORMATION BUREAU/REUTERS

Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi voqea joyiga tashrif buyurgan. U shifoxonada jabrlanganlar bilan ham uchrashgan va uning hukumati ularning da’volanishi uchun barcha ishni qilishiga va’da bergan.

Hozirga qadar Balasor okrugidagi poyezdlar to‘qnashuviga nima sabab bo‘lgani aniq emas - bu joriy asrda Hindistondagi eng dahshatli temiryo‘l halokati sifatida baholanmoqda.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avariya signal nosozligi oqibatida ro‘y bergan», deya xabar qiladi Janubi-Sharqiy temiryo‘lning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi K. S. Anand.

Taxminlarga ko‘ra, ikki yo‘lovchi poyezd bortida ikki mingga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Kalkuttadan Chennayga harakatlangan Coromandel Express poyezdining bir necha vagoni taxminan soat 19:00 (13:30 GMT) da harakatsiz turgan yuk poyezdi bilan to‘qnashuvdan keyin relsdan chiqib ketgan. Ekspress qanday qilib yuk poyezdi bilan bitta izga tushib qolgani ma’lum emas.

Shundan so‘ng, Coromandel Express poyezdining bir necha poyezdi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib qolgan. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan, Yyesvantpurdan Xauruga ketayotgan Howrah Superfast Express poyezdi o‘z yo‘liga chiqib qolgan vagonlarga kelib to‘qnashgan.