13:14 / 05.06.2023
7234

Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi: KXShTga a’zolik muammolarni keltirib chiqaryapti

Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryanning ta’kidlashicha, KXShTga a’zolik Armanistonga hech narsa olib kelmayapti. Yerevan muqobil variantlarni qidirmoqda, jumladan, Rossiya qurollariga ham.

Foto: Alexander NEMENOV/AFP

Armanistonning KXShTga a’zoligi 2020 yildan boshlab mamlakatga hech narsa olib kelmadi. Bu haqda Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan 4 iyun, yakshanba kuni Armaniston jamoat televideniyesi efirida ma’lum qildi.

“2020 yildan buyon Ozarboyjon tomonidan Armanistonga qarshi uchta yirik hujum uyushtirildi, bu hujumlarda KXShT Armanistonga hech qanday yordam bermadi. Shu bois Yerevan muqobil variantlarni qidirmoqda – “masalan, Yevropa Ittifoqining monitoring missiyasi kabi”, deb ta’kidladi Grigoryan. "Uchta hujumdan so‘ng, harbiy blok deb ataladigan tashkilot Armanistonga faktlarni to‘plash bo‘yicha missiyani taklif qilmoqda. Bu jiddiy emas", - deya ta’kidladi u.

Xavfsizlik kengashi kotibining ta’kidlashicha, KXShTga a’zolik "ma’lum muammolarni keltirib chiqaryapti", lekin Armanistonning boshqa davlatlar bilan hamkorligini cheklamaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan G‘arb hamkorlari bilan faol ishlamoqda, jumladan, qurol sotib olish masalasida.

"Biz tushunamiz, mavjud voqelikni ko‘ryapmiz - bu Rossiya-Ukraina urushi, biz Rossiyaning qurol eksport qilish imkoniyati unchalik katta emasligini hisobga olyapmiz. Boshqa resurslarni qidirish yo‘lidan ketyapmiz", - deya tushuntirdi u hamda "ko‘plab mamlakatlar bilan qurol sotib olish masalasida qizg‘in muhokamalar olib borilayotgani"ni qo‘shimcha qilib o‘tdi.

 

Mavzuga oid
Top