15:53 / 07.06.2023
10811

Chimkentda qurol do‘koniga hujum qilgan o‘zbekistonlik 15 yilga qamaldi

Ayblanuvchining advokati sudda mijozi hech kimni o‘ldirish niyatida bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Foto: Videodan kadr

Shu yilning fevralida Qozog‘iston janubidagi Chimkent shahrida O‘zbekiston fuqarosi qurol do‘koniga hujum qilgandi. Sudga taqdim etilgan videoda u do‘konga xaridor sifatida kirib, sotuvchidan ov qurolini ko‘rsatishni so‘ragani, so‘ngra sumkasidan qurol chiqarib, unga tahdid qilgani ko‘rinadi.

 

Do‘kon sotuvchisi hujum vaqtida ogohlantirish qo‘ng‘irog‘ini bosishga ulguradi. Uch daqiqa ichida voqea joyiga xususiy qo‘riqlash xizmati qo‘riqchilari yetib kelishadi. Mahalliy OAV voqea joyiga qo‘riqchilar xodimlari yetib kelgan vaqtda hujum qilgan shaxs sotuvchi ayolni garovga olgani haqida yozgan.

49 yashar erkak tashqariga chiqqach, qo‘riqchilarga qarata o‘t ochadi, buning oqibatida ulardan biri yelkasidan, ikkinchisi esa qo‘lidan yaralanadi. Otishma ustiga kelib qolgan politsiya mashinasi ham o‘qqa tutiladi. O‘qlari tugab qolgan shaxs politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Otishma uyushtirgan shaxs huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tezda qo‘lga olingan. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik ushbu shaxs Chimkentda ijaraga olingan kvartirada yashagan.

Sudda prokuror gumonlanuvchiga 16 yillik qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Biroq uning advokati himoyasi ostidagi shaxs hech kimni o‘ldirish niyatida bo‘lmagani, moliyaviy qiyinchilik tufayli u faqat do‘konni tunamoqchi bo‘lganini ta’kidlab, oilaviy sharoitini inobatga olgan holda unga yengilroq jazo berilishini so‘ragan.

Sudlanuvchi jurnalistlarning savollariga javoban Chimkentda novvoyxonada ishlagani bildirgan va qilmishidan pushaymon ekanini aytib, jabrlanuvchilardan uzr so‘ragan. Shuningdek, u aslida qurol do‘konini emas, bankni o‘marish maqsadida bo‘lganini ham ma’lum qilgan.

Chimkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqqan. Sud tomonidan o‘zbekistonlik erkak Qozog‘iston Jinoyat kodeksining beshta moddasi bilan aybdor deb topilgan hamda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Mavzuga oid
Top