Krivoy Rogdagi besh qavatli uyga raketa zarbasi berildi. Qurbonlar soni o‘smoqda
13 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yana bir bor raketa va dronlar bilan hujum qildi. Dnipropetrovsk oblastining Krivoy Rog shahrida besh qavatli turar joy binosi va korxona hududiga raketa kelib tushdi. Mahalliy rasmiylar qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabar bermoqda. Rossiya harbiylari deyarli har kuni Ukraina bo‘ylab, jumladan poytaxt Kiyevga ham shu kabi zarbalar yo‘llamoqda.
Krivoy Rogdagi raketa zarbasi qurbonlari soni 11 nafarga yetgan, bu haqda Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.
Gubernatorning yozishicha, yetti kishining jasadi xususiy korxona xarobalari ostidan chiqarib olingan, u yerda hududni tozalash ishlari davom ettirilmoqda. To‘rt kishi besh qavatli turar joy binosiga zarba oqibatida halok bo‘lgan. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Vilkul yana 28 kishi turli darajada tan jarohatlari olgani haqida xabar qilgan. 14 iyun kuni Krivoy Rogda Motam kuni e’lon qilingan.
Tongda Lisak havo hujumidan mudofaa kuchlari shahar ustida uchta qanotli raketa urib tushirilgani, shu bilan birga raketalar kelib urilgani haqida ham xabar bergandi.
«Besh qavatli bino vayron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda yashovchi uch kishi halok bo‘lgan. 25 kishi yaralangan, ulardan 19 nafari - shifoxonada», deya yozgan Lisak o‘z telegram-kanalida va vayron bo‘lgan uy suratlarini namoyish etgan.
Lisakning yozishicha, raketa kelib urilishi oqibatida birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha joylashgan kvartiralar yonib ketgan, alanga 700 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.
Gubernator esa boshqa fuqarolik obektlari ham shikastlangani to‘g‘risida xabar berdi. «Xususiy korxonada uch kishi jabrlangan. Ular shifoxonaga joylashtirilgan. Katta ehtimol bilan xarobalar ostida odamlar qolib ketgan. Qutqaruvchilar ularni qidirishmoqda», deya yozgan u.
Ukraina energetika vazirligi keyinroq zarbalar oqibatida Krivoy Rog IES shikastlangani, natijada uchta kon elektrsiz qolgani haqida xabar qildi.
Prezident Volodimir Zelenskiy o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga yo‘llangan zarba yuzasidan munosabat bildirib, besh qavatli uy yonayotgani aks etgan videoni namoyish etgan. U Rossiya «turar joylar, oddiy shaharlar va odamlarga qarshi urushi»ni davom ettirayotganini qayd etgan. Zelenskiy «ular har bir raketa uchun javob berishi»ni va’da qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ertalab Rossiya tunda Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qilgani, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviatsiyadan uchiriladigan 14 ta X-101/555 qanotli raketalari yo‘llangani, ulardan 10 tasi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali yo‘q qilingani haqida ma’lumot bergandi. Shuningdek, ukrain harbiylari to‘rtta Shahed dronlaridan faqat bittasini urib tushirishning imkoni bo‘lganini xabar qilishgan.
Ukraina QK havo kuchlari aniqlik kiritishicha, Krivoy Rogga oltita X-101/555 raketasi yo‘llangan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham ushbu hujumga munosabat bildirib, tinch aholi orasidagi o‘limlarning oldini olish uchun Ukrainaga ko‘proq qurol va NATOdan himoya kafolati kerakligini ta’kidladi.
Rossiya mudofaa vazirligi va Kreml hozircha raketa va dronlar bilan uyushtirilgan navbatdagi hujum to‘lqini yuzasidan izoh bermadi, bunday hujumlar Ukraina uchun deyarli har kunlik tahdidga aylanib bormoqda.
Rossiya prezidenti bir kun oldin fuqarolik obektlariga zarbalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bunday zarbalar Rossiya tomonidan emas, faqat Ukraina tomonidan yo‘llanayotgani haqida yolg‘on da’vo qilgandi.
«Nima uchun, men hech qanaqasiga tushuna olmayapman, nima uchun dushman turar joylar bo‘ylab zarbalar bermoqda. Nima maqsadda? Nega? Bundan ma’no nima? Ochiqchasiga insonparvarlik obektlari bo‘ylab [zarba yo‘llashmoqda]. Buning nima keragi bor? Hech qanday harbiy ma’no yo‘q - bu nolga teng», - degandi Putin Kremlda davlat mukofotlari laureatlari bilan uchrashuvda.
Mavzuga oid
00:11
Zelenskiy: Trampning jamoasi bilan urush tezroq tugaydi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11 / 15.11.2024