Yevgeniy Prigojin – “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining (HHK) asoschisi va boshlig‘i, 1961 yilda tug‘ilgan. U “Vagner” HHKga 2013 yilda asos solgan. 2016 yilda “Vagner” askarlari soni ming kishi atrofida bo‘lgani aytilsa, 2017 yilga kelib ularning soni 6 ming kishiga yetgan.
Ukraina urushi vaqtida esa, “Vagner” tarkibidagi qo‘shinlar soni 50 mingga yetdi. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina urushida “Vagner”ning 30 ming atrofidagi askarlari o‘lgan va yaralangan.
Shu kunlarda Prigojin, birdagina ikkita katta yangilik qildi. Birinchidan, u yarim soatlik chiqish qilib, Ukraina urushi bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdi.
Prigojinga ko‘ra:
- 2014-22 yillar davomida Rossiya tomonidan Donbassga ajratilgan barcha mablag‘lar yeb ketilgan;
- 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirishdan oldin, Ukraina tarafidan Rossiyaga hech qanday tahdid yo‘q edi;
- Zelenskiy hokimiyatga kelganda, u Rossiya bilan kelishuv taklif qildi. Lekin Kreml kibrga berilib, bu kelishuvga bormadi. Kelishish kerak edi;
- Nima uchun urush kerak bo‘lib qoldi? Bu urushning maqsadi – Ukrainani natsistlardan tozalash va harbiy qudratini yo‘qotish emasdi. Bu urush, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra “bir xovuch maxluqlarning dunyo hamjamiyati oldida piar qilishi uchun, harbiy qudrati bilan maqtanishi uchun kerak bo‘ldi xolos”.
Bu bayonot ortidan Prigojin o‘zining “Vagner” qo‘shinlari bilan Rossiya armiyasiga qarshi yurish boshlagani ma’lum bo‘ldi. Harbiy kompaniya Rostov shahridagi ba’zi davlat obektlarini qo‘lga kiritgan, Rossiya armiyasining ba’zi ofitserlari u bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Prigojin – ta’bir qilib bo‘lmaydigan shaxs. Lekin uning bu xatti-xarakatlari – bosh ko‘tarishni, is’yonni, inqilobni eslatadi. Prigojin piar texnologiyalarini juda yaxshi biladi. Uning “Vagner” harbiy kompaniyasidan tashqari, trollar fabrikasi, piar bilan shug‘illanadigan xususiy loyihalari ham bor.
Prigojin Ukraina urushida Putin uchun katta jasoratlar ko‘rsatdi. Rossiya armiyasi qo‘shin to‘plash bilan band bo‘lib turgan bir paytda, “Vagner” HHK Baxmutda juda og‘ir urush olib bordi. Prigojin ko‘p marta o‘lgan soldatlari fonida Rossiya mudofaa vaziri Shoygu va bosh shtab boshlig‘i Gerasimovga qarshi qahr-g‘azabli bayonotlar berdi.

















