Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 4 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumning hozirgi bosqichida raqibning jonli kuchi va texnikalarini yo‘q qilishga urg‘u qaratgani, hududlar ozod etilishi esa RF qurolli kuchlari holdan toyishi ortidan ro‘y berishini aytgandi. Ko‘pchilik buni qarshi hujum «strategiyasi o‘zgarishi» sifatida qabul qildi, boshqa ukrain siyosatchilari amaliyot oldindan shunday o‘ylanganini ta’kidlamoqda.
Ammo agar strategiya o‘zgarmagan bo‘lsa ham, Ukraina qurolli kuchlari taktikasi o‘zgartirilgani ko‘rinib turibdi: iyun oyi boshida ukrain armiyasi Rossiya mudofaa liniyasini zirhli tank bo‘linmalari bilan yorib o‘tishga urinayotgandi, oyning ikkinchi yarmidan esa Rossiyaning front orti hududlariga zarbalar berishga hamda RF qurolli kuchlarining mustahkamlangan punktlarini artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan piyodalar otryadlari bilan shturm qilishga e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi kunlarning o‘zida Rossiyaning front chizig‘iga eng yaqin joylashgan o‘q-dori omborxonalari, artilleriya, havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash tizimlariga zarbalar berilgani aks etgan yuzdan oshiq videolar namoyish etildi.
RF qurolli kuchlari ham shunday javob bermoqda: ukrainlarning front ortiga zarbalar iyun oyi boshidan buyon davom etmoqda. Endi bunga Rossiya qismlarining ham frontning turli uchastkalarida amalga oshirayotgan kichik hujumlari qo‘shilgan — bundan maqsad ukrain zaxiralari mamlakat janubidagi va Baxmut atrofidagi asosiy zarba yo‘nalishlariga yuborilishining oldini olish hisoblanadi.
Baxmut
- Hozirda har ikki tomonning ham Baxmut frontidagi qanotlarda jamlangan kuchlari son jihatdan mamlakat janubida jang qilayotgan tuzilmalardan ko‘proq. Ukraina qurolli kuchlari bu yerda may oyidan buyon rossiyaliklarning pozitsiyalariga hujum qilmoqda, ammo faqat iyul oyi boshiga kelib Baxmutdan janubda Rossiya mudofaasining muhim nuqtasiga yetib keldi. Gap Kleshchiyevka qishlog‘idan g‘arbdagi tepaliklar haqida bormqoda, bu yerda Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga qadar katta istehkomlar barpo etgandi. 2022 yil dekabrida bu pozitsiyalar «Vagner» XHK kuchlari tomonidan egallandi, bu esa Baxmutning janubiy hududlari tezda qulashiga olib keldi. Endi ukrain kuchlari bu pozitsiyalarni qaytarishga harakat qilmoqda. 9 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari ushbu mustahkamlangan hudud yaqinida hujumga o‘tgani aks etgan video paydo bo‘lgandi; uning natijasi hozircha noma’lum.


















