Qrim ko‘prigida yana portlash. Asosiy ma’lumotlar
Ko‘prikka suvusti dronlari hujum qilgan. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, portlash oqibatida Belgorod oblastida yashovchi er-xotin halok bo‘lgan, bir bola yaralangan.
17 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlash ro‘y berdi. «VKontakte»dagi Rossiya pabliklari, shuningdek Ukrainaga bosqinni qo‘llovchi blogerlar ko‘prikda ikki bor - tungi soat 3:04 va 3:20 da portlashlar ro‘y berganini xabar qilishgan. Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov soat 4:21 da Krasnodar o‘lkasi tomondan kelishdagi 145-tayanch ustun hududida ro‘y bergan «favqulodda holat» tufayli ko‘prikda harakatlanish to‘xtatilganini xabar qildi. Ko‘prikda avvaliga poyezdlar harakati ham to‘xtatilgandi, soat 8:40 dan poyezdlar qatnovi tiklandi. Ro‘y bergan hodisa yuzasidan barcha xizmatlarning harakatlarini muvofiqlashtirish uchun operativ shtab tuzilgan.
Kreml ta’siridagi Readovka nashri ko‘prikka raketa urilgani, buning natijasida 145-tayanch ustuni ag‘darilgani, ikki oraliq yopmasi qulab tushgani haqida yozdi. Guvohlar olgan videolarda ustun butun turganini ko‘rish mumkin. RF transport vazirligi ko‘prikda Qrim tomon keluvchi yo‘l qoplamasi shikastlangani, ammo «oraliq yopmalari konstruksiyasi o‘z ustunlarida turgani»ni ma’lum qildi. Qrim parlamenti rahbari Vladimir Konstantinov ko‘prikka ukrain kuchlari hujum qilganini aytdi. TIV vakili Mariya Zaxarova ham shunday deb hisoblashini bildirgan. RF mudofaa vazirligi hozircha portlash sababi yuzasidan izoh bermadi.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belgorod oblastidan bo‘lgan juftlik halok bo‘lgan, ularning voyaga yetmagan qizi esa o‘rta og‘irlikda jarohat olgan. Rossiya nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Novoye Oskoldan bo‘lgan Aleksey va Natalya Kulik halok bo‘lgan, ular mos ravishda 40 va 36 yoshda edi. Rasmiylarga ko‘ra, 14 yoshli qizga yopiq miya jarohati tashxisi qo‘yilgan, uning hayotiga xavf yo‘q, u hushida va mustaqil nafas olmoqda.
Qrim ko‘prigiga avtomobillar o‘tkazilmayapti. Avtomobil haydovchilariga anneksiya qilingan hududlar orqali o‘tuvchi «muqobil yo‘nalish» taklif qilinmoqda. Hukumatparast «Glavnyy most» telegram-kanali haydovchilar Qrimga qanday borishi mumkinligi ko‘rsatilgan xaritani e’lon qilgan: yo‘l Mariupol, Berdyansk va Melitopol orqali o‘tadi. RF transport vazirligi ham anneksiya qilingan hududlar orqali harakatlanishni tavsiya qilgan. Kerch parom kechuvi vaqtincha ishlamadi, portlashdan keyin Qrimga ilk parom soat 10 da yo‘l oldi.
Qrim sharqida sayyohlar uchun vaqtinchalik joylashtirish markazi ochiladi, bu haqda anneksiya qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkovga tayanib «Interfaks» xabar bergan. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, bu punktlarda sayyohlar «muqobil yo‘nalish, temiryo‘l aloqasi va parom qatnovi bo‘yicha istalgan ma’lumot va yordamni olishi» mumkin bo‘ladi. Kryuchkovning qayd etishicha, Qrimdan chiqishda anneksiya qilingan hududlar yo‘nalishi bo‘ylab uchta o‘tkazish punkti faoliyat ko‘rsatadi: Armyansk, Jankoy, Perekop. Kun avvalida Qrim rahbari yarimorolga dam olishga kelganlarni imkon qadar mehmonxonalar va sanatoriyalarda qolishga chaqirgandi.
Qrim ko‘prigiga hujum Ukraina xavfsizlik xizmati va Ukraina Havo-dengiz kuchlarining maxsus amaliyoti bo‘lgan, deb xabar qildi «Ukrainskaya pravda» va «RBK-Ukraina» nashrlari Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayangan holda. Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikka suvusti dronlari orqali hujum qilingan. «Ko‘prikkacha yetib borish qiyin bo‘ldi, ammo oxir-oqibat biz bunga erishdik», — degan «RBK-Ukraina» manbasi.
Ko‘prikdagi portlashdan bir necha soat oldin Ukraina qurolli kuchlari Quruqlik qo‘shinlari boshlig‘i Oleksandr Sirskiy rossiyaliklar uchun «alla aytish»ga tayyorgarlik ko‘rilayotganini yozgandi. Bunday post uning telegramida 16 iyul kuni kechqurun paydo bo‘lgan, unga ukrain va rus nashrlari e’tibor qaratgandi. OAV portlashda Ukraina xavfsizlik xizmatining qo‘li borligi haqida xabar berilganidan so‘ng, UXX telegramdagi sahifasida ukrain allasi haqidagi qo‘shiqdan parchani ko‘prik «yana „uxlash“ga ketgani» haqidagi satr qilib yozdi.
RF Tergov qo‘mitasi «Terakt» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 17 iyulga o‘tar kechasi «Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan sodir etilgan terrorchilik hujumi» tufayli Qrim ko‘prigining bir qismiga shikast yetgan, tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgan, yosh bola yaralangan. RF Milliy aksilterror qo‘mitasi (NAK) hujumda ukrainlarning ikkita pilotsiz suvusti apparati ishtirok etganini xabar qildi.
Ukraina harbiy razvedkasi Qrim ko‘prigidagi hodisa sababini izohlashdan bosh tortib, ko‘prikning o‘zini «ortiqcha konstruksiya» deb atadi. Bu haqda «Suspilne»ga Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rasmiy vakili Andriy Yusov aytgan. «Faqat Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanovning „Qrim ko‘prigi — bu yerdagi ortiqcha konstruksiya“ ekani haqidagi so‘zlarini keltirishim mumkin», — degan Yusov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikning bir qismi vayron qilingani tufayli Rossiya kuchlarida logistika bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi, chunki Qrimdan «Kuch va vositalarni Ukraina ichkarisiga olib kirib joylashtirish uchun yirik logistik hab» sifatida foydalaniladi. Ukraina QK «Janub» operativ qo‘mondonligi spikeri Natalya Gumenyuk esa ko‘prikdagi portlash Rossiya tomoni provokatsiyasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Gumenyuk 17 iyul kuni g‘alla kelishuvi muhlati yakunlangani va uzaytirilmagani haqida eslatib o‘tgan.
Portlashdan bir hafta oldin RF mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Qrim ko‘prigiga hujum qilishga uringani haqida xabar bergandi. Rossiya harbiy idorasi ukrain harbiylari 9 iyul kuni Qrim, Rostov va Kalugadagi nishonlar bo‘ylab «zarbdor versiyaga aylantirilgan S-200 zenit raketalari»ni otganini ma’lum qilgandi. Havo hujumidan mudofaa kuchlari to‘rt raketani urib tushirgani aytilgan.
2022 yil oktyabrida ro‘y bergan portlash tufayli 2022–2023 yillarda Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat cheklangandi. Rossiya rasmiylari o‘tgan yil kuzidagi portlashda ukrain harbiy razvedkasini ayblagan, Kiyevdagilar buni rad etgandi, ammo iyul oyida Ukraina mudofaa vazirligi Qrim ko‘prigidagi portlashni mamlakat qurolli kuchlarining urushning 500 kunligida erishgan yutuqlari qatorida sanab o‘tdi. So‘nggi haftalarda Qrim ko‘prigi oldida ko‘prik bo‘ylab harakatlanuvchi barcha yengil avtomobillar majburiy ko‘rikdan o‘tkazilishi tufayli ko‘plab kilometrlarga cho‘zilgan tirbandliklar kuzatilayotgandi.
Mavzuga oid
14:00 / 16.11.2024
Umerov: Ukraina Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni qaytarib olmoqchi
13:46 / 16.11.2024
Jurnalistlar Ukrainada 78 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024