Yollanma jangarilarning Belarus va RFning Kaliningrad oblasti orasida joylashgan Suvalki koridori tomon harakatlanishi Belarusning Grodno shahri yaqinida kuzatilgan. Polsha bosh vaziri ma’lumotlar olingan manbani oshkor etmagan.
«Ular (jangarilar) Belarus chegarachilari ko‘rinishida maskirovka qilib, noqonuniy migrantlarga Polsha hududiga beqarorlik keltirib chiqarish uchun o‘tishiga yordam berishi mumkinligi ehtimoli yuqori. Shuningdek, ularning o‘zi ham Polsha hududiga noqonuniy migrantlar ko‘rishinida chegarani kesib o‘tishi ehtimolli, bu qo‘shimcha tahdidlar yaratadi», — degan Moravetskiy Polsat News telekanaliga bergan intervyusida.

Polsha bosh vaziri vaziyatni «Polsha hududiga navbatdagi gibrid hujum uyushtirish uchun tashlangan qadam», deb atagan.
Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning o‘zida Polsha-Belarus chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga 16 ming marta urinish bo‘lgan, Aleksandr Lukashenko va Vladimir Putin esa ikki yildan buyon noqonuniy migrantlarni Yevropaga Polsha hududi orqali tiqishtirishga urinib kelishadi.
Avvalroq Polsha ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy «Vagner» XHK yollanma jangarilari ishtirokida jiddiy hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, Polsha, Litva va Latviya bir vaqtning o‘zida Belarus bilan chegaralarini yopishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Shanba kuni bunday niyat chindan ham borligini Litva ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Arnoldas Abramavichus tasdiqladi va bunday «muhokamalar real» ekanini aytdi. «Chegaralarni yopish imkoniyati mavjud», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP agentligi.
«Varshavaga ekskursiya»
Iyul oyi o‘rtalarida Belarus mudofaa vazirligi mamlakatga «Vagner» XHK yollanma jangarilari kirib kelganini, ular Mogilyov oblastida Belarus hududiy mudofaa kuchlarini shug‘ullantirayotganini xabar qilgandi.

23 iyul kuni Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Belarusda joylashtirilgan «Vagner» XHK jangarilari go‘yoki Polsha Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani uchun o‘ch olish maqsadida «Varshavaga ekskursiya» qilish uchun o‘zlarini tayyorlayotgani, u qiyinchilik bilan ularni bu niyatidan qaytarganini aytib o‘tdi.

















