Jahon | 10:31 / 18.08.2023
13367
3 daqiqa o‘qiladi

«Moskva-Siti» hududida bir oy ichida uchinchi dron quladi

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, juma kuni erta tongda Moskva ustida ukrainlar droni urib tushirilgan. Apparat Kremldan bir necha kilometr masofada joylashgan «Moskva-siti»dagi binolardan biriga urilgan, atrofdagi hududlar aholisi kuchli portlash ovozini eshitishgan.

Foto: TASS

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar ro‘yxatga olinmagan.

Bu so‘nggi bir oy ichida «Moskva-siti»da kuzatilayotgan uchinchi shunday holat va may oyi boshidan buyon Moskvaga dronlar orqali amalga oshirilgan sakkizinchi hujum bo‘lmoqda.

Moskva shahri meri Sergey Sobyanin havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskvaga kirishda pilotsiz uchish apparatini urib tushirgani haqida xabar berdi.

Uning parchalari «Eksposentr» hududiga tushgan - bu ko‘rgazma binolari va pavilonlar majmuasi bo‘lib, Kremldan besh kilometr masofada joylashgan.

Rossiya telegram-kanallarida tarqalgan videoyozuvlarda Krasnopresnenskaya sohilidagi osmono‘par binolar ustida qora tutun ko‘tarilgani aks etgan.

Reuters agentligi bilan gaplashgan guvohlar ancha kuchli ovozni eshitishgani haqida aytib berishgan.

Dron qulashi oqibatida «Eksposentr»dagi binolardan biri shikastlangan

Rossiya mudofaa vazirligi ham bu tunda Moskvadagi obektlarga hujum qilishga uringan dron nishonga olingani haqida xabar bergan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, dron Moskva vaqti bilan ertalabki soat 4 atrofida aniqlangan va havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilgan. Vazirlik bu hujumda Ukrainani ayblagan.

«Havo hujumidan mudofaa tizimi vositalari ta’siridan keyin dron parvoz yo‘nalishini o‘zgartirdi va Moskva shahri Krasnopresnenskaya sohilidagi noturarjoy binosiga quladi. Qurbonlar va yong‘in bo‘lmagan», - deyilgan RF mudofaa vazirligi bayonotida.

Ukraina tomoni bu hodisa yuzasidan munosabat bildirmadi.

Moskva favqulodda xizmatlariga ko‘ra, dron qulashi oqibatida «Eksposentr» pavilonlaridan biriga zarar yetkazilgan.

«Krasnopresnenskaya sohilidagi «Eksposentr» pavilonlaridan birida tashqi devorning qisman qulashi qayd etilgan. Qulash maydoni - 30 kv. metr atrofida», - deya Rossiya poytaxti favqulodda xizmatlari vakilining so‘zlarini keltirgan Rossiya axborot agentliklari.

Ushbu hodisa ortidan Moskva havo kengliklari vaqtincha yopib qo‘yilgan.

Poytaxtdagi Vnukovo aeroportidagi tabloga ko‘ra, oltita uchish va sakkizta uchib kelish reysi kechiktirilgan, ulardan beshta qo‘nuvchi reys boshqa aeroportlarga ko‘chirilgan.

Sheremetevo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida ham bir necha reyslar qo‘nishi kechiktirilgan.

Moskva vaqti bilan soat 04:30 da reyslarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklovlar bekor qilingan, deyiladi Rosaviatsiya xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid