Germaniyada nafaqat mamlakatdagi yoshlar uchun, balki xorijlik talabalar uchun ham oliy ta’lim bepul. Bunga erishish uchun mamlakat bir qancha o‘n yillik tajribani boshidan o‘tkazgan.

Dastlab, oliy ta’limni bepul qilish harakatlari 1949 yilda boshlangan. Natijada Germaniya o‘z davri uchun kollej ta’limi to‘lovi eng arzon davlatga aylanadi. 1971 yilda esa davlat moliyaviy yordam tizimini ishlab chiqqan sotsial demokratlar tomonidan o‘quv to‘lovlari nolga tushiriladi. Maqsad: iqtisodiy statusidan qat’i nazar, barchaning birday sifatli ta’lim olishiga erishish edi.

1976 yilda esa mamlakat kollej va universitetlarida o‘quv to‘lovlarini olishni qonunan taqiqlashga oid qonun ishlab chiqiladi. Lekin baribir ma’lum muddat keyingi bir necha o‘n yillikda ta’lim butunlay bepul bo‘lishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Nihoyat, 2015 yilda ta’lim islohotlaridan keyin Quyi Saksoniyada o‘quv to‘lovi bekor qilinadi va shuning bilan Germaniya oliy ta’limi to‘laligicha bepul bo‘lgan davlatga aylanadi.

Kontrakt bo‘lmasa, universitetlar pulni qayerdan oladi?

Germaniyada ta’lim davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Davlat ajratadigan pulga oliy ta’lim tashkilotlari mahalliy va xalqaro talabalarni ham bepul o‘qita oladi.

Germaniyada hamma universitet bepulmi?

Yo‘q, hamma universitetlar emas, davlat oliy ta’lim muassasalari bepul. Lekin mamlakatda faoliyat yuritadigan xususiy OTM o‘qish uchun kontrakt narxlarini o‘zlari mustaqil tarzda belgilaydi. Germaniyada 300 dan ortiq davlat universitetlari faoliyat yuritadi, sifatli ta’lim olish uchun ulardan birini tanlash mumkin.

Mamlakatda oliy ta’lim bepul degani ta’lim sifatsiz ekanini anglatmaydi. Top universitetlar reytinglarida Germaniyaning davlat universitetlarini topish mumkin. Ta’lim bepulligidan asosiy maqsad davlatning ta’limga savdo mahsuloti sifatida qaramasligi bilan bog‘liq.

Masalan, QS reytingida:

  • Frankfurt moliya va menejment maktabi – 48-o‘rinda;
  • Myunxen Texnik universiteti – 49-o‘rinda;
  • Ludvig Maksimilians universiteti Myunxen – 59-o‘rinda;
  • Heidelberg universiteti – 65-o‘rinda;
  • Berlin Frei universiteti – 118-o‘rinda qayd etilgan