Saudiya Arabistoni va Misr – eng katta arab davlatlari. Ular Falastin-Isroil nizosida muhim va ta’sir etuvchi kuchga ega. Kun.uz muxbiri nizoning joriy keskinlashuviga bu ikki mamlakatning munosabati haqida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert, Saudiya Arabistoni va Misrda faoliyat yuritgan diplomat Lutfiddin Xo‘jayev bilan suhbatlashdi.
— Mintaqadagi asosiy davlatlar bo‘lmish Saudiya Arabistoni va Misrning hozirgi to‘qnashuvlarga bo‘lgan munosabati qanday?
— Saudiya va Misr tashqi siyosatda Yaqin Sharq muammosi, jumladan, Falastin Isroil nizosini tinch vositalar bilan hal qilishga ustuvor e’tibor beradi. 1948 yil may oyida BMT tomonidan Falastin hududida ikki mustaqil davlat – Falastin va Isroil davlatlarini tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bundan arab dunyosi davlatlari norozi bo‘ladi, 1948-1952 yillarda nizolar yuzaga keladi. 1967 yilda Isroil Falastin yerlari, Misrning Sinay yarimoroli, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari, Livanning bir qismini bosib oladi. Bu vaziyatda Saudiya arab davlatlariga siyosiy, moddiy va insonparvarlik yordamlar ko‘rsatib keladi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘p tashabbuslarni ilgari surgan. 1982 yilda podshoh Fahd bin Abdulaziz Ol Saud Arab-Isroil mojarosini BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasi tegishli qarorlari asosida siyosiy vositalar bilan hal etish, xususan, Isroil bosib olgan arab yerlarini qaytarish hisobiga Tel-Aviv bilan diplomatik alaoqalarni o‘rnatishga oid o‘z tashabbusini ilgari suradi.
[2023 yil] 7 oktyabrdan keyingi voqealarga Saudiya tomoni ehtiyotkorlik bilan yondashyapti. Birinchi o‘rinda zulm va zo‘ravonlikni to‘xtatib, tinch muzokaralar o‘tkazish kerakligini ta’kidlamoqda. Jumladan, tinch aholi qurbon bo‘lyapti. G‘azoda ijtimoiy va gumanitar vaziyat juda og‘irlashib ketayapti. Shuning uchun Podshohlik har ikkala tomonni harbiy harakatlarni darhol to‘xtatib, muammoni muzokaralar yo‘li bilan, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari doirasida hal qilishga chaqiryapti.
— Nima uchun Saudiya jiddiy qadamlar tashlamayapti?
— Chunki vaziyat juda murakkab. Ham mintaqaviy, ham global darajadagi o‘yinchilar bor bunda. Shuning uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – muzokaralar, tinch vositalar. 2020 yilda AQSh ishtiroki bilan arab davlatlari va Isroil o‘rtasida kelishuv ham bo‘lgandi shu doirada.
— Deylik, Saudiya va BAA kabi davlatlarning HAMASga munosabati bu tashkilotning, aytaylik, Eron bilan hamkorlik qilishiga bog‘liqmi? Mintaqaviy va global o‘yinchilarga kengroq qarasak.














