Isroil va Hamas kuchlarining navbatdagi keng ko‘lamdagi harbiy harakatlari dunyo geosiyosiy maydonidagi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. AQSh esa har doimgidek Isroilni qo‘llashda davom etmoqda.
7 oktyabrda Hamas tomonidan Isroil hududiga hujum ortidan nafaqat Yaqin Sharq geosiyosiy vaziyati, balki butun dunyodagi geosiyosiy munosabatlar o‘zgarmoqda, transformatsiya bo‘lmoqda.
Isroil – Yaqin Sharqdagi g‘arbning bir bo‘lagi. Davlat tizimi, tafakkur tarzi, siyosiy madaniyat ham g‘arbga juda yaqin. Lekin jiddiy ziddiyatlar ham bor. Hamas hujumi ortidan, kollektiv G‘arb Isroilga o‘zining so‘zsiz qo‘llovini bildirish – siyosiy urf va tarixiy majburiyat bo‘lib shakllandi. Har safar Isroil biron qiyinchilikka uchrasa “dushmanlar qurshovidagi ushbu davlatni qo‘llashimiz kerak” degan tafakkurdan kelib chiqib, g‘arb davlatlari o‘zlarining qo‘llovini bildirib keladi.
Shu kunlarda Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun AQSh prezidenti Bayden, Germaniya kansleri Shols, Angliya bosh vaziri Rishi Sunak va boshqa liderlar keldi.
AQSh – Isroilning bosh homiysi, himoyachisi. AQShning Isroil bilan aloqalari nafaqat demokratiyaga borib taqaladi, balki Isroil – davlat sifatida Angliya va AQSh tomonidan shakllantirilgan va himoya qilinadigan loyiha hisoblanadi. Lekin Isroil davlatining tashkil topganiga 75 yil o‘tib, g‘arb davlatlarining Isroil va uning atrofidagi geosiyosiy vaziyat nihoyatda ziddiyatli bo‘lib bormoqda.
Isroil bosib olgan yerlarni o‘z qo‘lida ushlab turish uchun Falastin davlati tashkil topishini o‘z manfaatlariga tahdid deb biladi. Lekin xalqaro qonunchilik va kelishuvlarga ko‘ra, Falastin davlati tashkil topishi kerak. Falastinning yo‘qligi, falastinliklarga nisbatan uzoq vaqt davom etayotgan genotsid, bosimlar, diskriminatsiya siyosati nafaqat Isroilni, balki ushbu davlatni homiylikka olgan AQShni ham global obro‘yiga zarar yetkazib keladi.
AQShda juda kuchli yahudiy lobbisi faoliyat ko‘rsatadi. AQSh tarixida Isroilga salbiy qarashda bo‘lgan siyosatchilar bo‘lgan va bor. Lekin bu siyosatchilar yahudiy lobbisining bosimiga uchrashni istamaganligi uchun, ancha ehtiyotkor bo‘lishga majbur.
Isroil davlati 1947 yilda tashkil topgan bo‘lsa, keyingi o‘n yilliklarda eng isroilparast AQSh prezidenti Tramp bo‘ldi. Tramp AQSh elchixonasini de-fakto Quddusga ko‘chirdi, uch arab davlatiga bosim o‘tkazib, Isroilni tan oldirishga erishdi. Falastinni moliyalashni to‘xtatdi, Falastin davlati tashkil topish borasidagi AQSh pozitsiyasini esga olmadi.















