Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilda yadro quroli borligini tekshirishga chaqirdi. Xo‘sh, bu chaqiruv nimani anglatadi, Isroilning yadro quroli borligi tasdiqlanishi mintaqadagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qiladi?

Kun.uz G‘azodagi urush haqidagi tahliliy suhbatlaridan navbatdagisida HAMAS harakati va arab dunyosi o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, Isroilning yadro dasturi haqida so‘z yuritildi. Suhbatdoshlarimiz – Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar Farhod Karimov va Shavkat Ikromov.

— HAMASga nisbatan arab davlatlarida qanday munosabat shakllangan, munosabatning tarixiy ildizlari va sabablari nima?

Farhod Karimov: Arab dunyosida HAMASga nisbatan munosabat shakllanishida asosiy omil qo‘llash yoki qo‘llamaslik masalasi bo‘lgan. Falastinning o‘zi ikkiga – FATH va HAMASga bo‘lingan. Mintaqa davlatlarining ko‘pi FATHni qo‘llagani uchun HAMAS o‘ziga tashqaridan homiy izlagan, shuning uchun “Hizbulloh”, Eron bilan hamkorlik qilgan. Arab davlatlari keyinchalik ham HAMASni qo‘llashni istamagan. Bu narsa ikki tashkilot xarakteri bilan ham bog‘liq. FATH bosiqlik bilan ish yuritishni tanlaydi, HAMAS esa kuch ishlatishni.

HAMASning o‘zi ham arab davlatlari bilan munosabatlarni unchalik tan olmagan, ularning G‘arb va Isroilga yaqinligini kechirolmagan, desak ham bo‘ladi. FATH esa doimiy ravishda mintaqa davlatlari va boshqalar bilan muloqotda bo‘lib, muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga uringan.

Shavkat Ikromov: HAMAS harakati faollashuviga qadar Falastinda Musulmon birodarlar va Ad-Jihod harakatlari bor edi. Ularning maqsadi islom xalifaligi tashkil qilish edi va shu orqali Isroilga qarshi kurashmoqchi edi. Isroil 1987 yilga qadar bunday guruhlar bilan diplomatik kelishuvlar qilishga harakat qilgan. Bu diplomatiyadan maqsad – Falastin ozodlik tashkilotining Isroilga qarshi rejalariga qaysidir ma’noda javob berish edi. Ammo bu ikki guruh ham mintaqada o‘z pozitsiyasini ushlab turolmadi.

HAMASning 36 boblik dasturi bor. Jihod shiori ham bor unda. Ular Isroilni tan olmagan holda, uning hududlarini qo‘shib olib, islomiy davlat tuzishlarini aytadi. Arab davlatlari bilan munosabat ham mana shu pozitsiyadan kelib chiqadi. HAMASga, ya’ni G‘azoga yaqin joylashgan arab davlatlari HAMAS bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘ladi va uni qo‘llamaslikka harakat qiladi. HAMASdan uzoqdagi arab davlatlari, ya’ni Saudiya, Qatar kabi davlatlar uni qo‘llaydi. Qatar ochiqcha qo‘llaydi, Saudiya esa har xil diplomatik kanallar orqali qo‘llaydi.