O‘zbekiston | 18:31 / 25.12.2023
7442
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtikada 12 milliard dollarlik 24 ta loyiha boshlanadi 

Prezident raisligida sanoat tarmoqlaridagi loyihalar va rejalar ko‘rib chiqildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 dekabr kuni hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Yig‘ilishda sanoatdagi tarkibiy o‘zgarishlar va sharoitlar natijasi haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, bu tarmoqlarda foydalanilmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi qayd etildi. Jumladan, ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish elektrotexnikada 50 foizga, kimyo sanoatida 40 foizga, farmatsevtikada 18 foizga ham yetmasligi ta’kidlandi. 

Hududlarda tashkil qilingan zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani, 116 ta korxonada 85 million dollarlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turgani, 727 ta korxona to‘liq quvvatda ishlamayotgani aytildi. 

Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi. 

«Hokimliklar sanoat tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqlikda ishlab, hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi, loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Shundagina joylarda iqtisodiy o‘sish, ish o‘rni, budjetga tushum bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Kelgusi yilda mazkur 3 tarmoqda 12 milliard 700 million dollarlik 24 ta yirik loyiha boshlanishi qayd etildi. «Navoiyazot»da polivinilxlorid va Qo‘ng‘irotda kalsiylangan soda quvvatlarini kengaytirish, Qorako‘lda metanoldan olefin olish, Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidan. 

Davlat rahbari bu loyihalarga kerak bo‘ladigan qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib berishga mahalliy korxonalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi. 

Qayd qilinishicha, tarmoq va hududlar birgalikda ishlab, elektrotexnikada 2,1 milliard dollarlik 190 ta, kimyo sanoatida 3,8 milliard dollarlik 139 ta, farmatsevtikada 1,5 milliard dollarlik 110 ta o‘rta va kichik loyihalarni shakllantirgan. Yig‘ilishda prezident ularning quvvati, yaratilajak mahsulotlar turi va ish o‘rniga e’tibor qaratib, loyihalarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid