Hangjouda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi oltin medallar soniga ko‘ra, kurashchilardan keyin dzyudochilar bilan birga eng muvaffaqiyatli ishtirok etgan sport turi vakillariga aylanishdi. Ammo Tokioda Olimpiadadagi peshqadamlik qo‘ldan chiqarilgan bo‘lsa, Hangjouda o‘zbek boksining Osiyo o‘yinlaridagi gegemonligini mezbon Xitoy tortib oldi. Bokschilarimizni shohsupaning eng yuqori pog‘onasida ko‘rishga odatlanganimizdan bo‘lsa kerak, shu natija ham yakkahokimlik qo‘ldan chiqarilgani sabablarini o‘rganishga undadi.
Osiyo o‘yinlariga qanday tarkib yo‘l olgandi?
Hangjou-2022 boks bahslarida jami 13ta vazn toifasidagi medallar komplekti uchun janglar o‘tkazildi. To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar jamoasi 7ta vazn toifasidagi – (-51 kg:) Hasanboy Do‘smatov, (-57 kg:) Abdumalik Xalokov, (-63,5 kg:) Ruslan Abdullayev, (-71 kg:) Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, (-80 kg:) To‘rabek Habibullayev, (-92 kg:) Lazizbek Mullojonov va (+92 kg:) Bahodir Jalolov singari bokschilar bilan ishtirok etdi. Jakarta-2018dan farqli o‘laroq, murabbiylar shtabidan mahalliy mutaxassislar Rahmatjon Ro‘zioxunov, Farrux Qilichev, Akmal Hasanov, Davron G‘afurov, Ziyatdinbek Toygonboyev, Yergali Yarashovdan tashqari, Steyners Tissert, Xuan Enrike, Li Echeveriya Xulio, Morales Montero, Xesus Alberto singari kubalik murabbiylar joy olgandi.

Elshod Rasulov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston ayollar jamoasi esa avvalgi Osiyo o‘yinlaridan farqli o‘laroq, uch vaznda emas, 6ta vazn toifasida – (-50 kg:) Sabina Boboqulova, (-54 kg:) Nigina O‘ktamova, (-57 kg:) Sitora Turdibekova, (-60 kg:) Rayhona Qodirova, (-66 kg:) Navbahor Hamidova, (-75 kg:) Aziza Zokirova kabi bokschilar bilan Xitoyga yo‘l olgandi. Rasulovning murabbiylar shtabidan Timur Axbayev, Anna Sidorova, Islom Tojiboyev singari mahalliy mutaxassislar o‘rin olgandi.
Hangjou-2022da Jakarta-2018dagi natija nega takrorlanmadi?
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi avvalgi Osiyo o‘yinlari-2018da 10ta vazn toifasida ishtirok etgan bo‘lsa-da, medallar jamg‘armasida jami 7 ta – 5 ta oltin va 2 ta kumushga ega chiqib, boks bo‘yicha Osiyoda gegemoniya o‘rnatgandi. Xususan, erkaklar o‘rtasida 7 ta vazn toifasida qatnashgan vakillarimiz shundan 5 tasida chempionlikni (Jasurbek Latipov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Iqboljon Xoldorov, Bobo-Usmon Baturov, Isroil Madrimov) rasmiylashtirgandi. Hasanboy Do‘smatov va Shunqor Abdurasulov esa kumush medaliga ega chiqqan. Bokschi qizlar esa medalsiz qaytgandi.










