Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi
Tadbirkorlar Soliq kodeksining 227-1-moddasi doirasidagi fiskal huquqbuzarliklarni sodir etganda, ularga qo‘llanadigan jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda esa uning 20 foizini tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida muhokama qilindi.
Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qator qonunlar vazirlik va idoralar vakillari, qo‘mita ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.
Jumladan, 2024 yil 26 fevraldagi «Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq Soliq kodeksining 227-1-moddasi doirasidagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanayotgan moliyaviy jarimalarni keskin qisqartirish belgilanmoqda.
Qonun bilan fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llanadigan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilib, mazkur huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda esa uning 20 foizini tashkil etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, «Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ham qo‘mita a’zolari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Mazkur qonun davlat mulkini tadbirkorlik sub’yektlariga va boshqa shaxslarga ijaraga berishning qonuniyligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Shu bilan birga majlisda «Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun ham dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan.
Qonunda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini mustahkamlash, shuningdek, ularning majburiyatlari yuzasidan tegishli kasaba uyushmasining javobgarligini oshirish nazarda tutilgan.
O‘z navbatida, mazkur qonunning qabul qilinishi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini ro‘yxatga va hisobga olish yagona organ orqali amalga oshirilishini hamda ular tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatga kirishilganda yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarligini aniq belgilashga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
07:50 / 31.10.2024
Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinasi haydovchilari jarimaga tortiladi
11:00 / 04.10.2024
195 km/soat tezlikda avtomobil boshqargan Jahongir Otajonov jarimaga tortildi
21:53 / 26.09.2024