O‘zbekiston | 21:28 / 07.04.2022
17549
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident “Tashabbusli budjet” bo‘yicha qaror imzoladi. G‘oliblar soni oshirildi

Prezident qarori bilan, “Tashabbusli budjet”ning ilk mavsumida g‘olib bo‘lgan 2215ta loyihaga qo‘shimcha ravishda 139ta loyiha (har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan) ham g‘oliblar qatoriga qo‘shildi. Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Tuman va shahar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” qaror imzoladi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, 2022 yilning fevral-mart oylari davomida o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini inobatga olgan holda g‘olib deb topilgan 2 215 ta loyihaga qo‘shimcha, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda respublika budjetidan 85,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Qo‘shimcha g‘olib deb topilgan loyihalarga jami 480 mingdan ortiqroq ovoz berilgan. Ularning sohalar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:

  • 76 ta umumta’lim maktablarini joriy ta’mirlash va jihozlash;
  • 23 ta mahallalarda ichimlik suvi tizimini yaxshilash;
  • 13 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash va jihozlash;
  • 5 ta sog‘liqni saqlash tashkilotlarini ta’mirlash va jihozlash.

Qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilgan loyihalarning ro‘yxati quyida ilova qilinmoqda.

Ushbu qaror natijasida 2022 yil 1-mavsum "Tashabbusli budjet" jarayonlarida fuqarolar tomonidan berilgan jami 6 mln 718 mingdan ortiq ovozlarning 4 mln 871 mingdan ortig‘i, yoki jami berilgan ovozlarning 72,5 foizini g‘olib takliflarga ovoz berganlar tashkil etmoqda.

Qaror bilan quyidagicha tartib o‘rnatilmoqda:

  • tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari – har chorak yakuni bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirilishi va bajarilishini baholab boradi;
  • tuman va shahar hokimlari – har oy yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasiga qadar OAV vakillari ishtirokida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning moliyalashtirilishi va bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni jamoatchilikka e’lon qilib boradi;
  • jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan hokimlarning hisobotlari Oliy Majlis Senatida har chorak yakunida eshitib boriladi;
  • g‘olib deb topilgan loyihalarning bajarilishini Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi har yili yakunlariga ko‘ra yakuniy nazoratdan o‘tkazadi.

Hurmatli fuqarolar! Tashabbusli budjet jarayonining kelgusi mavsumlarida ham faol ishtirok etgan holda o‘z hududingizdagi mavjud muammolarni bartaraf etilishiga hissa qo‘shing, tashabbus ko‘rsating!” – deyiladi Moliya vazirligi chaqirig‘ida.

Qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilgan loyihalar ro‘yxati:

Mavzuga oid