Iqtisodiyot | 15:11 / 21.08.2024
5638
5 daqiqa o‘qiladi

Gaz importi 5 barobarga oshdi, oltin sotish to‘xtadi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

2024 yilning 7 oyida O‘zbekiston 984 mln dollarlik gaz sotib oldi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 barobarga ko‘p. Gaz importining oshib borayotgani fonida tashqi savdoda Rossiyaga bog‘liqlik yanada kuchayib boryapti. Xususan, hisobot davridagi umumiy tashqi savdo aylanmasining 18,6 foizi Xitoy, 18,5 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 36,8 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 14,78 mlrd dollar, import hajmi esa 22,05 mlrd dollar. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,1 foizga qisqargan bo‘lsa, import hajmi 10,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 7,26 mlrd dollarga yetgan.  

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu borada Rossiyaning ulushi oshib boryapti. Hisobot davrida Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,85 mlrd dollarga, Rossiya bilan 6,80 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining mos ravishda 18,6 va 18,5 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Qozog‘iston (6,2 foiz), Turkiya (4,6 foiz) va Janubiy Koreya (3,2 foiz) bilan qayd etilgan.

2024 yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan Top-10 davlat:

  • Xitoy – 6,85 mlrd dollar;
  • Rossiya – 6,80 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 2,27 mlrd dollar;
  • Turkiya – 1,69 mlrd dollar;
  • Koreya – 1,19 mlrd dollar;
  • Turkmaniston – 740 mln dollar;
  • Fransiya – 689 mln dollar;
  • Germaniya – 600 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 572 mln dollar.
  • AQSh – 553 mln dollar;

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

E’tiborga molik jihati yanvar-iyul oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (1,63 mlrd dollardan 2,10 mlrd dollarga), Fransiyaga (239 mln dollardan 480 mln dollarga), Afg‘onistonga (466 mln dollardan 555 mln dollarga), AQShga (84 mln dollardan 185 mln dollarga). Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan:

  • Qozog‘istonga (807 mln dollardan 735 mln dollarga);
  • Qirg‘izistonga (463 mln dollardan 294 mln dollarga);
  • Tojikistonga (337 mln dollardan 287 mln dollarga);
  • Turkmanistonga (109 mln dollardan 70 mln dollarga).

Shuningdek, eksport hajmi Xitoyga 1,53 mlrd dollardan 1,17 mlrd dollargacha, Turkiyaga 841 mln dollardan 680 mln dollargacha kamaygan.

Eksport

7 oy davomida oltinsiz eksport 10,9 foizga o‘sib, qariyb 10,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 28,4 foiz yoki 4,2 mlrd dollargacha kamaydi. Oxirgi oylarda O‘zbekiston Markaziy banki oltin eksport qilmayapti.

Shuningdek, 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 16,3 foizdan 16,8 foizga, oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 6,9 foizdan 7,3 foizga, kimyoviy vositalarning ulushi 4,6 foizdan 6,3 foizga, mineral yoqilg‘ilarning ulushi 3,6 foizdan 5,4 foizga oshdi.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,4 foiz), sanoat tovarlari (15,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 984 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, qariyb 5 barobarga ko‘p. O‘z navbatida birgina iyul oyida 174,2 mln dollarlik gaz sotib olingan. Bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 174 barobarga ko‘p.

O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 5,6 foizga yoki 323 mln dollargacha qisqargan. Ammo oxirgi oylarda gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, birgina iyun-iyul oyida 263 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

Shuningdek, 7 oy davomida 96 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga kam. 

Yanvar-iyul oylarida 81,6 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 2,4 foiz) va 68,6 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 45,3 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 2,8 barobarga oshib, 400 mln dollarni, importi esa 30 foizga ko‘payib, 1 mlrd 304 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid