20 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ayollar salomatligini mustahkamlash va oilalarning tibbiy madaniyatini oshirish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining axboroti eshitildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev bergan ma'lumotlar senatorlarni qoniqtirmadi. Jumladan, qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev vazirlik hisobotini uch marta qaytarib yuborganini aytib, muhokamadagi mavzu yuzasidan o‘z e'tirozlarini sanab o‘tdi.

«Bizga berilgan ma'lumotlardan quyidagi kamchiliklar aniqlanganiga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, bolalar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan kompleks tibbiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan. Masala aytildi, muammolar ko‘lami to‘g‘ri baholangan, lekin unga erishish yo‘l xaritasi yo‘q.

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ular orasida profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish masalalari to‘g‘risida ma'lumot taqdim etilmagan. Faqat shuncha foiz bolalar qamrab olindi, deyilgan. O‘zi qancha, ehtiyoj qancha, qaysi hududda degan ma'lumot yo‘q. Nahotki Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, bosh mutaxassislarimiz tomonidan bu haqda hech qanday ma'lumot to‘planmagan?

Berilgan ma'lumotnomani uch marta qaytardim. Vazirlikdan bir yarim betlik ma'lumotnoma berilgan, mana. Bir yarim betlik. Savollar – ikki yarim bet bo‘ldi.

So‘nggi yillarda go‘daklar o‘limini kamaytirish bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz quyi pog‘onalarda qolmoqda. Xususan, BMT tomonidan yuritiladigan go‘daklar o‘limi indeksida 200ta davlat orasida davlatimiz 146-o‘rinni egallab turibdi.

Ikkinchidan, xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini saqlash, xomilador ayollarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, ularni polivitaminlar bilan ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tahlil qilinmagan.

Ayollarda kuzatilayotgan bepushtlik holatlari, uni davolash, yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qo‘yish maqsadida yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalar yoritilmagan.