Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan kambag‘al oilalar, yolg‘iz onalar, ko‘p bolalari oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoyaga da'vogar qatlam hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini favqulodda va umumiy holatda qanday tashkil etish kerakligi, bu borada qanday xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani xususida ekspertlar fikri bilan qiziqdi.

«Ijtimoiy himoya xayriyaga emas, inson huquqlariga asoslanishi kerak»

Dilmurod Yusupov, Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti:

– O‘zbekistonda karantin rejimi joriy qilinishidan avval ham ijtimoiy himoya tizimi talabga javob bermasdi. Nogironlik nafaqasi, bolalikdan nogironlik nafaqasi 400 ming so‘m atrofida. Bu esa yashash xarajatlarini qoplamaydi. Respublikada iste'mol savatchasi, yashash minimumi tushunchalari hali to‘liq shakllanmagani tufayli ijtimoiy nafaqalar yashash xarajatlariga mos kelmaydi.

Nogironlik nafaqasini oluvchilar mustaqil yashay olmaydi, berilayotgan pul dori-darmonning o‘ziga zo‘rg‘a yetishi mumkin. Shuning uchun ular oila a'zolarining yordamiga tayanadi. Ammo karantin davrida ko‘pchilik o‘z hisobidan ta'tilga chiqishga majbur bo‘ldi, bu ularning oilalari daromadiga ikki hissa ta'sir qilmay qolmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bo‘ynida. Nogironlik nafaqasini tayinlovchi tibbiy mehnat ekspertiza komissiyalari ham ularning qoshida. Ammo karantin davrida nogironligi bo‘lgan insonlar TMEKdan qay tartibda qayta o‘tishi mumkinligi, nogironlik muddatini uzaytirish shartlari aytilmadi. Reabilitatsiya vositalari (aravacha, eshitish moslamalari kabilar) qanday yetkazilishi haqida ma'lumot berilmadi.

Pandemiya davrida nogironligi bo‘lgan, ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga doimiy oladigan nafaqasidan tashqari shu miqdorda qo‘shimcha bir martalik to‘lovni qo‘shib berishni taklif qilgandim. Boshqa davlatlarda ijtimoiy nafaqalar karantin davrida oshirib berildi. Lekin bunday yordam O‘zbekistonda joriy qilinmadi.

Ijtimoiy ta'minotga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishda ko‘ngilli guruhlar – nodavlat-notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalarining ishtiroki bo‘lishi kerak. Ular egiluvchan bo‘lib, faoliyatini vaziyatga davlatdan ko‘ra tezroq moslashtira oladi.

Yordamni tashkil qilishda nogironlar birlashmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak edi. Misol uchun, ko‘z ojizlar jamiyati ko‘zi ojizlarga  yordam qay shaklda berilishi kerakligini davlat idorasidan ko‘ra yaxshiroq biladi.