27 avgust kuni O‘zbekiston Milliy bog‘i rekonstruksiyadan keyin aholi uchun qayta ochildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ning ta’mirlangan va aholi uchun topshirilgan qismi 14 gektardan ziyodni tashkil qiladi. Unda ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilangan.

Bog‘ hududidagi ko‘l tiklangan. Ayni paytda uning maydoni 40 ming kvadrat metr ekani ma’lum qilindi.

“Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizilgan. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi”, – deya ma’lumot berilgan prezident matbuot xizmati xabarida.

Bog‘ni aylanib chiqqan Kun.uz muxbiri yashil va so‘lim go‘sha nihoyat aholi ixtiyoriga qisman qaytarilganini e’tirof etish bilan birga, ayrim e’tirozli jihatlarga e’tibor qaratdi.

Avvalo, tiklangan ko‘l avvalgi ko‘ldan sezilarli kichkina va sayoz.

Qolaversa, bog‘ hududidagi ayrim daraxtlar qurib qolgan. Ular orasida ko‘p yillik daraxtlar ham bor. Bunga bog‘ ta’mirda bo‘lgan 5 yil davomida hududda olib borilgan qurilishlar, sug‘orish tizimining ishlamagani yoki qandaydir boshqa turli sun’iy ta’sirlar sabab bo‘lishi mumkin.

Ayrim daraxtlarga esa qurilishlarda qatnashgan texnika vositalari bilan turli darajada shikast yetkazilgan. Buni biz bilan suhbatda Milliy bog‘ agronomi Abror Tolliyev ham tasdiqladi.

“Tan olamiz, bog‘dagi daraxtlarga qurilish ishlari davomida ishlayotgan texnikalar, ekskavatorlar tomonidan turli darajada shikast yetkazilgan. Jumladan, bog‘ning kirish tomonida 12 ta, o‘rtada 4 ta va bog‘ning boshrog‘ida 6 tup daraxtga shikast yetgan”, – dedi agronom.