O‘zbekiston | 20:56 / 12.08.2024
16503
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘qituvchilar maktabdagi qurilish ishlariga jalb qilindi

Holat Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida kuzatilgan: ayol pedagoglar og‘ir ishlarni bajargan, arava yetaklab, qurilish chiqindilarini tashigan. Jarayonda o‘qituvchilardan biri yiqilib, jarohat olgani va qo‘li singani ham aytilmoqda. Tuman hokimligi buni faol ijtimoiy foydali mehnat deb atadi.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilindi. Ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, o‘qituvchilar asosan qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullangan. Ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqan. Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan.

Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Asaka tumani hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Hokimlikka ko‘ra, ushbu maktab “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lgan.

“Asaka tumani “Qo‘ng‘irot” MFYda joylashgan 37-umumta’lim maktabi pedagogik jamoa va ota-onalarning ahilligi, hamkorligi natijasida “Tashabbusli budjet” loyihasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, maktabni ta’mirlashga oid mablag‘larni jalb etishga erishgan. Xalqimiz iborasi bilan aytganda, “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lish qanchalar mashaqqatli ekanini anglash uchun jurnalist yoki bloger bo‘lish shart emas, oddiy fuqaro bo‘lish va unda vatanparvarlik hissi bo‘lishining o‘zi kifoya.

Quruvchi tashkilot tomonidan maktabni ta’mirlash ishlarining olib borilish sur’atlari, yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolgani va eng muhimi, pedagogik jamoaning, ota-onalarning ana shunday bunyodkorlik ishlaridan mamnuniyati doxil o‘laroq, xususan, maktab deraza va eshik romlarining yangi zamonaviy romlar bilan almashtirilishi, maktab tom qismining to‘liq yangilanishi bilan moddiy-texnik sharoitlar yanada yaxshilanmoqda.

Ana shu ishlar manzarasida har bir pedagog ertaga o‘z ish joyining saranjom-sarishta bo‘lishini, estetik bezatilishini, albatta, xohlaydi.

O‘z xohishlariga ko‘ra, maktab hayotiga, ikkinchi uyimizga, qadrdon maskanimizga o‘z hissamizni qo‘shaylik degan niyatda amalga oshirilayotgan faol ijtimoiy foydali mehnatni har qanday kishi faqat olqishlaydi”, deyiladi hokimlikning Kun.uz’ga izohida.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, ushbu ishlar davomida birorta pedagogning sog‘ligiga putur yetmagan va boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining qo‘li sinmagan.

Oldinroq Namanganda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktori 17 mln so‘m jarimaga tortilgani xabar qilingandi. Direktor pedagoglarni muassasaga chaqirtirib, o‘t-o‘lan yulishga majburlagan.

Mavzuga oid