Jahon | 13:00 / 20.05.2019
33322
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Radaga qarshi. U inauguratsiyasi vaqtida parlamentni tarqatib yuborishini e'lon qildi

Foto: TASS, Petr Sivkov

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy radani tarqatib yuborishini e'lon qildi. U bu haqda o‘zining inauguratsiyasi vaqtidagi nutqida gapirdi.

Ukraina prezidenti lavozimiga kirishgan Vladimir Zelenskiy qasamyod qabul qilganidan keyin Oliy Rada tarqatib yuborilishini ma'lum qildi. Marosim «Pryamoy» telekanali orqali translatsiya qilinmoqda.

«Saylovdan keyin olti yoshli o‘g‘lim shunday dedi: «Dada, men televizorda ko‘rdim: aytishyaptiki, Zelenskiy prezident. Demak, mening ham prezidentimsan». Bu o‘shanda bolalarcha hazil bo‘lib ko‘ringandi. Endi esa haqiqatga aylandi. Sizning har biringiz prezidentingizman, faqat menga ovoz bergan 73 foiz kishining emas, ukrainlarning barchasining, 100 foizining», deya so‘z boshlagan Vladimir Zelenskiy.

Valentin Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Prezident parlamentga ikki oy muddat bergan, parlamentdan qator qonunlarni kechiktirmasdan qabul qilishni so‘ragan.

«Sizdan o‘tinib so‘raymanki, deputatlik daxlsizligini bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni, noqonuniy boylik orttirish uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunni, saylov kodeksini qabul qiling», degan Zelenskiy.

U  deputatlarga inauguratsiya marosimini ish kuniga o‘zlari belgilashganini eslatgan va endi ishlashni so‘ragan.

Prezident deputatlardan Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari, bosh prokuror va mudofaa vazirini iste'foga chiqarishni ham so‘ragan.

«Shu ishlarni qiling va o‘zingizga medal taqing - bu navbatdan tashqari saylovlar oldidan yaxshi ochkolar bo‘ladi», degan u.

U shuningdek, Ukrainaning amaldagi hukumatiga iste'foga chiqishni taklif qilgan.

«Amerikalik bir aktyordan, Amerikaning ajoyib bir prezidentidan iqtibos keltirishni istardim (gap AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan haqida - tahr): «hukumat bizning muammolarimizni hal etib bermaydi - hukumatning o‘zi muammo». Men tushunmayman, bizning hukumatimiz doimo qaysidir ishni qila olmasligini aytadi. Bu to‘g‘ri emas - qila olasiz, siz qog‘ozni olasiz, ruchkani olasiz va ariza yozib o‘z joyingizni keyingi saylovlar haqida emas, keyingi avlod haqida o‘ylaydiganlar uchun bo‘shatib qo‘ya olasiz», - degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amaldorlarni kabinetlariga o‘z farzandlarining suratlarini ilishga chaqirdi.

«Sizlarning ish kabinetlaringizda mening suratlarim bo‘lmasligini judayam istayman, iltimos, mening suratlarim bo‘lmasin, chunki prezident – ikona yoki but emas. Prezident – portret emas. Kabinetingizga o‘z farzandlaringizning suratlarini ilib qo‘ying va har safar qaror chiqarishdan oldin ularning ko‘zlariga boqing», dedi Zelenskiy

Zelenskiy shuningdek, Donbassdagi ziddiyatni barqarorlashtirish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muloqotlarga tayyorligini ma'lum qilgan, Rossiyaga asir tushgan ukrainaliklarni qaytarish asosiy maqsadi ekanini qo‘shimcha qilgan.

«Men hatto tinchlik uchun o‘z lavozimimni yo‘qotishga tayyorman [...] Ammo biz faqat hududlar emas, odamlarimizni ham qaytarishimiz kerak», degan u.

Bundan tashqari, Zelenskiy ayni vaqtda dunyoda 65 million ukrainalik istiqomat qilayotganini qayd etib o‘tgan. U «yangi Ukrainani qurishda ishtirok etmoqchi bo‘lgan barcha ukrainlar»ga fuqarolik berishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid